Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Millat tafakkurining tarbiyachisi
15:29 / 2026-02-03

Ulug‘ mutafakkir bobokalonimiz Alisher Navoiyning ma’naviy merosi asrlar osha o‘z ma’no-mazmuni, betakror badiiy ifodasi, jozibasi va hikmati bilan insoniyatni hayratlantirmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy  nomidagi Davlat adabiyot muzeyi direktori, filologiya fanlari doktori, ustoz ijodkor, atoqli olim Jabbor Eshonqulov bilan ulug‘ alloma bobokalonimizning  bebaho merosi xususida suhbatlashdik.  

–  Domla,  Alisher Navoiy merosiga qanday ta’rif bergan bo‘lardingiz? Ushbu ummon yanglig‘ ulkan meros shaxsan Sizning ma’naviy kamolotingizda qanday o‘rin tutadi?  

–  Alisher Navoiyga qisqa bir suhbat davomida yoxud bir maqola, kitob miqyosida ta’rif berish anchayin mushkul, deb bilaman. Alisher Navoiy insonni eng oliy qadriyat sifatida ulug‘lagan mutafakkirdir. Navoiy asarlarida millat, til yoki dinidan qat’iy nazar, barcha insonlarga xos bo‘lgan adolat, insof, mehr-shafqat, muhabbat va ma’rifat g‘oyalari targ‘ib qilinadi. Navoiy turkiy tilda yuksak badiiy asarlar yaratib, har bir xalq o‘z tili orqali jahon madaniyatiga hissa qo‘sha olishini isbotlay oldi. Boshqacha aytganda, Alisher Navoiy Vatanda tug‘ilib, Vatanni ulug‘lab, Vatanga aylangan tengsiz bir shaxsiyat, buyuk ijodkordir. O‘z Vatanining, o‘z xalqining,  o‘z zamoni va kelajakning ijodkori qanday bo‘lishi kerakligini  hayoti, ijodi bilan isbotlay olgan dahodir. Shuning uchun, aytish mumkinki, Navoiy  XV asr farzandi, biroq u  o‘z davrininggina shoiri emas. U bugunning ham, kelajakning ham  shoiri, faylasufi, tarixchisi, tilshunosi, tom ma’nodagi ziyolisidir. Fikrda, tafakkurda, badiiyatda Navoiy ko‘tarilgan maqomga insoniyat hali yetib kelmadi. Yetib borish, bu merosni anglash, o‘ziniki qilish, o‘ziga singdirish esa har bir avlodning o‘ziga bog‘liq. Odam va olim haqidagi, inson qalbi va ruhiyati haqidagi Navoiy fikrlari  kim va qaysi soha vakili bo‘lishidan qat’iy nazar,  hamma davrlar uchun dolzarb ahamiyat kasb etaveradi. Alisher Navoiy  merosi anglagan har bir inson uchun hamma davrlarda ham muhim ahamiyat kasb etaveradi.  

–  Siz rahbarlik qilayotgan muzey adabiyotimiz, ayniqsa, Navoiy merosini o‘rganishda muhim hissa qo‘shib kelmoqda. Bu borada olib borilayotgan ishlar xususida so‘zlab bersangiz?  

–  Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 27 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  tarixiy qarorida Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy muassasalar, jumladan Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi uchun ham ko‘plab vazifalar belgilab berilgan.

Biz ana shu tarixiy qarordan kelib chiqqan holda, muzeyning 2035 yilgacha bo‘lgan dasturiy yo‘nalishlarini belgilab oldik. Unda birinchi navbatda, Alisher Navoiy kabi allomalarimizning ijodini  kengroq miqyosda o‘rganish, asarlarini tabdil qilish, tanqidiy  matnlarini yaratish, faksimil nashrlarini amalga oshirish vazifasi turadi.  

O‘tgan yillarda Turkiyada Alisher Navoiyning “Badoyi’ ul-bidoya”  nomli nodir qo‘lyozma asarini turkiyalik hamkorlarimiz bilan Istanbulda, “Xamsa”sini esa o‘zimizda nashr ettirdik. Bu kabi ishlarni izchil davom ettiramiz.  

Navoiyning  qo‘lyozmalari uning hayotlik chog‘idayoq kitobat qilingan, dastlab muxlislari, keyinchalik o‘zi va o‘z davrining mashhur kotiblari orqali ko‘chirilgan. Bu qo‘lyozmalar butun dunyo bo‘yicha sochilib ketgan.  

Oldimizda turgan eng muhim masalalardan biri dunyoning turli yerlaridagi Alisher Navoiyga oid qo‘lyozmalarni ko‘chirma nusxasi bo‘lsa-da, bir joyga yig‘ish, ularni qiyoslab o‘rganish masalasidir.

Bugun navoiyshunoslik O‘zbekistonda alohida bir fan sifatida shakllandi, deb ayta olamiz. Bu o‘rinda Oybek, Maqsud Shayxzoda, Izzat Sulton, Natan Mallayev, Aziz Qayumov, Abduqodir Hayitmetov, Yoqubjon Ishoqov, Suyima G‘aniyeva, Begali Qosimov, Ibrohim Haqqul kabi olimlarning xizmatlarini alohida ta’kidlab o‘tish bilan bir qatorda, so‘nggi yillarda yurtimizda adabiyotga, ilm fanga berilayotgan yuksak e’tibor tufayli navoyshunoslik ufqlari yanada kengayib borayotganini alohida e’tirof  etish joiz.

Akademik  Shuhrat Sirojiddinovning Navoyiga bag‘ishlangan monografiyasi o‘zbek, ozarbayjon, turk, ingliz, Olimjon Davlatovning tadqiqoti o‘zbek, qirg‘iz, turk tillarida chop etildi. Turkiyalik olim Vohid Turk Alisher Navoiyning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan maxsus tadqiqot yaratdi. Bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin.  

Boqijon To‘xliyev, Yusuf Tursunov, Sayfiddin Rafiddinov, Nurboy Jabborov, Uzoq Jo‘raqulov, Maqsud Asadov, Bibirobiya Rajabova, Qodirjon Ergashev, Karomat Mullaxo‘jayeva, Dilnavoz Yusupova, Abdurasul Eshonboboyev, Otabek Jo‘raboyev, Ilyos Ismoilov kabi o‘zbek olimlarining  ilmiy izlanishlari, o‘ttiz jilddan iborat “Istiqlol davri o‘zbek navoiyshunosligi”, to‘rt jilddan iborat “Alisher Navoiy ensiklopediyasi”ning yaratilishi Alisher Navoiy merosini o‘rganishda yangi bir bosqich boshlanganidan darak beradi. Ana shunday ulkan va xayrli ishlarda muzey ilmiy xodimlarining ham alohida o‘rni borligi bizni quvontiradi.

– Ko‘pincha Alisher Navoiy merosi asosan, navoiyshunos olimlar, yozuvchi va shoirlar, ijodkor ziyolilar uchun muhimdek ko‘rinadi. Aslida ulug‘ alloma bobomizning merosi yoshi, millati, diniy e’tiqodidan qat’i nazar, barcha uchun ulkan ahamiyat kasb etadi. Shu haqda fikringizni bilmoqchi edik.  

–   Shu o‘rinda bir narsani aytib o‘tmoqchi edim. Biz ko‘pincha, fevral oyidagina ko‘pchiligimiz “navoiyshunos” bo‘lamiz, hammamiz targ‘ibotchiga aylanamiz. Aslida Alisher Navoiy merosini biz har kuni o‘rganishimiz har kuni targ‘ib qilishimiz shart. Yuqorida aytganimdek, Navoiy o‘tmish hodisasi emas, u bugun va kelajakning ham bebaho merosi. Undan kim nimaiki izlasa, izlaganini topadi.  

Birgina misol, Alisher Navoiy turli janrlarda ijod qilgan. Bu birinchi navbatda, adabiy janrlar takomili deganidir. Sharq mumtoz adabiyotining eng nodir namunasi bo‘lgan  g‘azal, ruboiy kabi  ko‘plab she’riy janrlar Navoiy ijodida mukammal shaklda namoyon bo‘lgan. Shunday ekan, Navoiy merosi olim uchun ham, ijodkor uchun ham, oddiy kitobxon uchun ham birdek muhim, ahamiyatli va qutlug‘ bir merosdir.  

Olimlarimiz Navoiy merosini nazariy planda kengroq va chuqurroq o‘rganishi, bugun adabiyotshunoslikda hal etilishi lozim bo‘lgan masalalarga aynan Navoiy merosidan javob topishi zarur, deb o‘ylayman. Yana bir masala, islom  madaniyati, falsafasisiz Navoiyni anglash mumkin emas. Biroq Navoiy merosi shu bilan chegaralanib qolmagan. Navoiy islomiy e’tiqodga suyangan holda, o‘zigacha bo‘lgan jamiki adabiy va falsafiy qarashlarni sintez qila olgan, inson fitrati bilan bog‘liq qarashlar cheksizligini, uning ildizlari insoniyat paydo bo‘lgan davr, qadim tushunchalar va tasavvurlar bilan chambarchas bog‘liqligini isbotlab bera olgan. Navoiy qarashlari tasavvuf olamida tamomila yangicha bir qarash, uning yangi bir bosqichi, yangi bir yuksalishidir. Hech shubhasiz, tasavvuf borasida Navoiy o‘z salaflaridan juda ilgarilab ketgan. 

Alisher Navoiy ona tilining imkoniyatlari orqali tasavvufiy tushunchalarni, ramz, timsol, metafora va tasavvuf falsafasi sarhadlarini yanada kengaytirgan. Navoiy xizmati turkiy tafakkur evrilishlarini eng yorqin, eng ko‘rkam ranglarda tasvirlab, yuksak pardalarda kuyladi. Turkiy xalqlar badiiy tafakkurini umuminsoniy badiiy tafakkurga aylantira oldi. Bu esa Navoiy merosini ham lisoniy, ham falsafiy jihatdan turli metodlardan foydalanlangan holda tadqiq etish imkoniyatini beradi.  

Alisher Navoiy asarlarida barcha zamonlarning savollariga javob mavjud. Faqat uni o‘qish va uqish, yuksak ong, tafakkur bilan idrok etmoq zarur.  

Navoiy  millat tafakkurining tarbiyachisidir, uning merosi hamma zamonlarda ham har qanday eng nozik didli kitobxonning talabiga ham javob bera oldigan  yuksak badiiy san’at asarlari namunasi bo‘lib qolaveradi.

–  Mazmunli va samimiy suhbat uchun tashakkur!

O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova suhbatlashdi.