Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Millat saodati – yoshlar tarbiyasiga bog‘liq
11:27 / 2023-05-13

Prezidentimiz raisligida joriy yilning 11 aprel kuni bo‘lib o‘tgan yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish borasidagi dolzarb vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan amalga oshirilgan ishlarni Jizzax davlat pedagogka universiteti misolida ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, talaba-yoshlarimiz qatlamining manfaatlariga e’tibor zarracha susayishi mumkin emasligi oydinlashadi. bugungi globallashuv davrida yoshlar tarbiyasi va ongiga tahdidlar kuchayib borayotganini bular orasida eng dolzarbi, deyish mumkin.

Yoshlarni chuqur bilimli, yuksak salohiyatli, mehnatsevar, halol va vatanparvar insonlar etib tarbiyalash bugungi globallashuv hamda texnika asrida har doimgidanda dolzarblashib bormoqda.  

Dunyoning turli mintaqalarida yuz berayotgan turli xunrezliklar, janjal-to‘polonlar, terrorchilik harakatlari, qonli to‘qnashuvlarning asosiy ishtirokchilari bu – yoshlar ekanligi shubhasiz. Achinarlisi, ularning aksariyati qilayotgan ishining maqsadini ham, ayanchli oqibatlarini ham anglab yetmayotganidadir. Shu o‘rinda, kelajagimiz egalari bo‘lgan bolalarimizni boshi berk ko‘chaga boshlayotganlar ularni o‘z domiga qanday ilintirmoqda? degan o‘rinli savol tug‘iladi. Buning yo‘li, ayni internet zamonida anchayin osonlashgan. Bugun yoshlarning o‘rtasida turli saytlardan, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanmaydigani yo‘q, mubolag‘a bo‘lmaydi. Ularning ko‘pchiligi sodda, g‘o‘r, hali hayotning baland-pastini ko‘rib, oq-qorani tanib ulgurmagani, hoyu havaslarga o‘chligi esa nopok niyatli kimsalar uchun ayni muddao bo‘lmoqda. Mana shunday murakkab va tahlikali zamonda yoshlarni o‘z holiga tashlab qo‘yish, ularni begonalar qo‘liga topshirish, ertamiz egalarining dushman quroliga aylanishiga shart-sharoit yaratish, deganidir.

Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish Jizzax davlat pedagogika universiteti rahbariyati va professor-o‘qituvchilari, tyutorlari e’tiboridagi masala. Buning uchun turli fan va san’at to‘garaklari yo‘lga qo‘yilgan. Barcha umumxalq bayramlari va atoqli sanalar munosabati bilan sport musobaqalari tashkil etiladi. Ijodiy va kino kechalari, viktorinalar, “Quvnoqlar va zukkolar” hamda boshqa bilimga chorlaydigan, intellektual va ko‘ngilochar, tomoshabinlar talabiga mos tadbirlar uzviy tarzda o‘tkazib kelinmoqda.  

Shuningdek, turli xayriya aksiyalari davomida yoshlarda jamoaviylik tarzda ishlash, ijtimoiy axloqni kuchaytirish, xalqimizga xos mehr-oqibat, muruvvat xislatlarini kamol toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.  

bugungi kunda axborot xurujlari, asosan, ishsiz, nazoratsiz qolgan yigit-qizlarga qaratilayotgani bois ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishni tashkil etish dolzarb masaladir. Jizzax davlat pedagogika universitetida ko‘ngilli talaba yoshlardan iborat “Volontyorlar klubi” a’zolari ana shunday yoshlarni qamrab olishda ko‘makchi bo‘layotganini alohida ta’kidlash joiz.  

Universitetda “Volontyorlar klubi” tashkil etildi

“Ko‘ngillilar” ular qilgan yaxshiliklari uchun ish haqi yoki moddiy zaruriyat talab qilmaydigan, yordamlashishni farz deb sanaydigan insonlar. Ular el olqishini orqalab,  ezgulik yo‘lida muhim ishlarni bajarishadi. Jizzax davlat pedagogika universiteti talaba yoshlaridan iborat “Volontyorlar klubi” a’zolarini ham ana shu insonlar safiga qo‘shish mumkin.  

Viloyatdagi eng yirik oliy ta’lim muassasasining “Volontyorlar klubi” a’zolari  Jizzax viloyatidagi eng chekka tumanlardagi qishloq va ovullarda  tadbirlar o‘tkazmoqda. Universitet  professor-o‘qituvchilari hamda volontyor talabalar kun davomida guruhlarga bo‘lingan holda  uyushmagan yoshlar uchun mushoiralar, adabiy uchrashuvlar, psixologik treninglar, sport bellashuvlari va boshqa ma’naviy tadbirlar tashkil etmoqda.  

Eng muhimi, har bir tadbir qiziqarli va yoshlar uchun foydali o‘tishiga harakat qilinyapti. Uyushmagan yoshlar uchun natijador bo‘lishiga alohida e’tibor qaratilyapti. Tashkil etilgan tadbirlarga uyushmagan yoshlar qatorida hududdagi umumta’lim maktablari hamda mahalla faollari, kam ta’minlangan xonadonlar vakillari ham jalb etilmoqda.

“Volontyorlar klubi” mahalla ahli, yosh oilalar, mahalla faollari, ko‘cha oqsoqollari ishtirokida “Aholi bilan ishlashda psixologik bilim va muloqot madaniyatining o‘rni” mavzusida suhbatlar  o‘tkazish bilan bir qatorda yolg‘iz keksalar, imkoniyati cheklanganlar holidan xabar olishadi, qolgan guruhlar esa mahalladagi umumta’lim maktablarining yuqori sinf o‘quvchilari bilan mahorat darslari va turli davra suhbatlari tashkil qiladi. Tashkil etilgan sport musobaqalarida uyushmagan yoshlar ham qiziqish bilan ishtirok etmoqda. Eng faol ishtirok etgan o‘quvchilar va yoshlar universitet jamoasi tomonidan rag‘batlantirilmoqda.

Talaba teatr studiyasi yosh ijodkorlarni kashf  etadi

Teatr sohasi san’atlar ichida eng qadimiysi, eng jonlisi hisoblanadi. Teatr hamisha ibrat dargohi bo‘lgan. Bugun Jizzax davlat pedagogika universitetining har bir fakulteti o‘zining talaba teatr studiyasiga ega. Ushbu teatr studiyalari yoshlarning iste’dodini yuzaga chiqarishga xizmat qiladi. Sa’nat sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun imkoniyat yaratadi. Talaba teatr studiyalari yoshlarning ijodiy salohiyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash, ularni teatr san’atiga muhabbat ruhida tarbiyalash, jamiyatda uchraydigan ijtimoiy muammolar va salbiy holatlarni sahna ko‘rinishlari orqali keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida  tashkil etilgan.  

Tarbiya va ma’naviyat o‘chog‘i bo‘lgan – teatr har bir insonga hayotiy saboqlar beruvchi jonli vositadir. Teatrdan madaniy hordiq chiqarish uchungina emas, undagi namoyish etiladigan spektakllarni tomosha qilib, inson jamiyatdagi voqeliklarni, kechinmalarni teran anglashi mumkin. Iqtidorli talaba yoshlarimiz tomonidan jonli tarzda namoyish etilayotgan sahna ko‘rinishlarida ham ana shular o‘z aksini topyapti desam xato qilmagan bo‘laman.  

Teatr haftaligi doirasida Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon” romani asosida sahnalashtirilgan spektakli namoyishida ishtirok etdim. O‘zbek tili va adabiyoti fakultetining “Parvoz” talaba teatr studiyasi tomonidan sahnalashtirilgan spektaklda muhabbat g‘oyasi ulug‘lanadi. Asarda ikki yosh – Anvar va Ra’noning muhabbati, visoli yo‘lidagi xilma-xil mojarolar, o‘zbek millatining madaniyati, ma’naviyati, odob-axloqi, asar qahramonlarining vafo-sadoqati, oriyati, g‘ururi o‘z aksini topgan. Teatr namoyishi nafaqat menda balki barcha tomoshabinlarga ham chuqur taassurot qoldirdi. Yaqindagina bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston “Quvnoqlar va zukkolar” premer ligasining 1-mavsum final bellashuvida universitetimizning “JIZZAX CITI” jamoasi  ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.  Tanlovning  “ENG QUVNOQ QIZ” nominasiyasi bo‘yicha boshlang‘ich ta’lim fakulteti talabasi Muhayyo Jumaboyevaning taqdirlanishi nafaqat meni, balki butun jamoamiz ko‘ksini faxrga to‘ldiradi.  

O‘qituvchi mehnati talaba muvaffaqiyatida ko‘rinadi

bugungi kunda axborot texnologiyalari va kommunikasiyalari rivojlangan bir paytda ilg‘or xalqaro tajribalar asosida barcha shahar va tuman markazlarida raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari tashkil etilmoqda. Bu maskanlarda elektron tijorat va dasturlash o‘rgatilyapti. Yoshlarda axborot texnologiyalari sohasida biznes bo‘yicha innovasion ko‘nikmalar shakllantirilsa, “startap” loyihalariga yordam ko‘rsatilsa, yosh iqtidor sohiblarining orzu-umidlari yanada tezroq ro‘yobga chiqadi.

Jizzax davlat pedagogika universitetida may oyidan boshlab  talabalarning texnik-konstruktorlik va muhandislik yo‘nalishidagi ko‘nikmalarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan robototexnika, IT, 3D modellashtirish, prototiplash to‘garaklari faoliyati yo‘lga  qo‘yildi. bugungi kunda ushbu to‘garaklarga 100 ga yaqin talaba a’zo bo‘lgan.  

Prezidentimiz raisligidagi raqamlashtirish bo‘yicha 2023 yilgi vazifalar va rejalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida davlat rahbari “Raqamlashtirishdan maqsad-muddaomiz nima o‘zi? Odamlarni rozi qilish, inson qadrini joyiga qo‘yish, adolatni ta’minlash”, deya ta’kidladilar. Shuningdek, mamlakat yetakchisi yoshlarni axborot texnologiyalariga o‘qitish, ishlashiga sharoit va mahsuloti uchun bozor yaratish zarurligini alohida ta’kidladi.

bugungi kunda universitetning har bir fakultetida talaba-yoshlarga shu sohada o‘quv kurslari va to‘garaklarni tashkil etish hamda bu borada yangi, zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlab berishni yo‘lga qo‘ymoqdamiz. Natija esa, ko‘p kuttirmadi shu kurslarda ta’lim olishni istagan yoshlarimiz orasidan bilimli va salohiyatli talaba yoshlarni saralab olib universitetga ishga joylashtirish masalalarini ham ko‘rib chiqyapmiz.  

Yoshlar bilan yuzma-yuz muloqot – muammolar yechimiga xizmat qiladi

Bugun har bir mas’ul idora rahbari o‘z vazifalarining eng avvaliga yoshlar bilan ish olib borishni qayd etib qo‘ygani aniq. Chunki zamon, davlatimiz rahbarining talabi shu. Hokimlardan tortib, har bir idora rahbarlarining yoshlar bilan yuzma-yuz muloqotlar o‘tkazayotgani, bunday muloqotlarda yoshlarning juda ko‘p muammolari tez yechimini topayotgani nihoyatda quvonarlidir. Zotan, bir nafargina yigit yo qizning hayotiga oid muammoning ijobiy yechimini topishi – bu kelajakda bir oilaning farovonligi va mustahkamligiga qo‘yilgan poydevordir.

Universitetda o‘qiyotgan barcha talabalarning ota-onalari va yaqinlari o‘z farzandini bizga ishonib topshirgan. Ular oliy ma’lumotli va bilimli inson bo‘lib chiqishiga juda katta umid bog‘lagan. Bu umidni so‘ndirishga na mening va na mana shu dargohda ishlayotgan  o‘qituvchining haqqi yo‘q. Talabaning dardi va muammosi bilan qiziqmagan o‘qituvchi unga “ustozman” deb ayta olmaydi. Universitetda tashkil etilayotgan uchrashuvlar talabalar bilan sizni yanada yaqin qiladi. Uchrashuvlar davomida talabalarning qiziqishlari, muammolari, ahvoli qolaversa, oilaviy ahvoli ham o‘rganiladi. Eng muhimi ularning taklif va mulohazalari tinglanadi. Tahlil etiladi. Bu biz uchun ham, ular uchun ham o‘ta muhimdir.

Har bir uchrashuv avvalida talaba yoshlarni faol bo‘lishga va muloqotda chegara qo‘ymaslikka chaqiraman. Chunki eng noto‘g‘ri savol, bu berilmagan savoldir. Savollar berilishi, takliflar eshitilishi va buning ortidan yuzaga kelayotgan muammolar yechilishi lozim. Samimiy, ochiq muloqot tarzida o‘tadigan uchrashuv davomida talabalar, to‘garaklar faoliyati, sportzal, stadionlarda mashg‘ulot o‘tkazishga imkoniyatlar kengaytirilishi xususida murojaat  qilishadi. Bo‘sh vaqtdan unumli foydalanish uchun chin dildan harakat qilayotgan talabalarimizning intilishi meni quvontiradi.  

Bo‘sh vaqt – xush vaqtga aylanadi

Xalqimiz asrlar osha dunyo tamadduniga munosib hissa qo‘shgan alloma farzandlari, ular yaratgan boy ilmiy-ma’naviy meros bilan boshqa millat va elatlar orasida hurmat-e’tiborga sazovor bo‘lib kelgan. Bugun mana shu an’anani davom ettirish ehtiyoji yoshlar ta’lim-tarbiyasiga e’tiborni oshirish va ularning bo‘sh vaqtini sermazmun o‘tkazish borasida kun tartibiga yangi talablarni qo‘ymoqda. Chunki yurtimizning ertangi tarixini bugungi yoshlar bitadi. Ular ezgu ishlarimizni davom ettiradi.  

Bugun oliygohda talaba yoshlar o‘rtasida kitobga bo‘lgan mehrni uyg‘otish, mustaqil fikr va keng dunyoqarashni shakllantirish borasida bir qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Yaqindagina bo‘lib o‘tgan  “Kitobxonlik haftaligi” fikrimizga isbot bo‘la oladi. Ushbu haftalik doirasida talaba yoshlar o‘rtasida mushoira va she’riyat kechalari, badiiy kitoblar ko‘rgazmalari tashkil etildi. Bularning barchasi talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishiga xizmat qilganiga ishonchim komil.  

Universitet ARMi hamda “Talabalar turar joyi”da tashkil etilgan kutubxonalar yoshlar o‘qib foydalanadigan kerakli adabiyotlar bilan ta’minlangan. Kitobga muhabbat, uni  qadrlash, o‘qishga ishtiyoq xalqimizning qon-qoniga singib ketgan. Xalqimiz ilm va fan,  adabiyot va san’atga oid nodir qo‘llanmalar, adabiyotlari bilan haqli ravishda faxralanadi.  Dunyoning qaysi bir  mashhur kutubxonasida bo‘lmang xalqimizning ulug‘ allomalari, tafakkur xazinasini yaratgan donishmandlarining qo‘lyozmalarini  kitob holiga keltirib, boqiy umr bag‘ishlagan xattotlar, musavvirlar  mehnatini ko‘rish mumkin.  

Ta’kidlash joiz universitetimizda bugungi kunda taniqli yozuvchi, shoir va adiblar bilan muntazam ravishda adabiy uchrashuvlar tashkil etiladi. Bunday uchrashuvlarni tashkil etishdan maqsad talaba yoshlar o‘rtasida kitobga bo‘lgan mehrni uyg‘otish, buyuk ajdodlarimiz merosini qadrlashdir.

bugungi kunda oliygohimizda “Izlanish” klubi tashkil etilgan bo‘lib unga adabiyotga mehr qo‘ygan talaba yoshlar a’zo bo‘lgan. Iqtidorli san’atga oshufta bo‘lgan yoshlarni bir jamoaga to‘plagan Eson Lutfullayev nomidagi talabalar maqom ansamblining o‘zi alohida mavzu.  

Ma’naviyat bor joyda jaholat bo‘lmaydi

bugungi globallashuv jarayonida yoshlarimiz matbuot, xususan, ijtimoiy tarmoqlar orqali turli axborot va ma’lumotlarga ega bo‘lmoqda. Ba’zi bir aqidaparastlar o‘z g‘arazli maqsadlari yo‘lida mafkuraviy ta’sir o‘tkazishga urinib, qabih ishlarini amalga oshirishga urinmoqda. Eng achinarlisi, bunday kimsalarni qo‘liga yoshlarimiz tushmoqda. Har qanday kasallikni oldini olish uchun avvalo, inson organizmida unga qarshi immunitet hosil qilinadi.

Bugun, fikrga qarshi fikr, g‘oyaga qarshi g‘oya, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish har qachongidan ko‘ra muhim ahamiyat kasb etmoqda. bugungi  yoshlar bunday vaziyatda mustaqil fikrlab, ma’naviyatli, milliy qadriyatlariga sodiq, dunyoqarashi keng, irodasi mustahkam, sabr-bardoshli, oshkora va pinhona ko‘rinishdagi ma’naviy tahdidlarga doim tayyor turadigan, zamon bilan barobar qadam tashlaydigan inson bo‘lishi lozim.  

Ma’naviyat oila madaniyatini isloh qildi. Yaxshi va yomon xulq oilada shakllanadi, tarbiya etiladi. Uning rahbari, tarbiyachisi bor. Oila rahbarining ma’naviyatiyu madaniyati qolgan a’zolar uchun ibrat, namuna. Oila ma’naviyati shuning uchun kerak. Aslida, har bir oila a’zosining burch va vazifalari, majburiyatlari aniq belgilangan. Qadriyatlarimiz bilan tartibga solingan. Ular orasida yozilganlari bor, yozilmaganlari ham. Ammo ularning barchasiga birdek amal qilinishi shart. Bularga ko‘ra, ota – rahbar, ona – tarbiyachi, farzandlar – o‘rganuvchi, itoat etuvchi, hurmat qiluvchi, tinglovchi... Keksalar – duogo‘y. Yoshi ulug‘larda jamlangan uzoq yillik hayot tajribasi yoshlarga atalgan. Ana shu tamoyillarga amal qilgan holda universitetning har bir fakultetida ota-onalar yig‘ilishlari tashkil etiladi. Talabalarning odob-axloqi ularning yurish turishi va bugungi kunda erishayotgan yutuqlari ular bilan muhokama etiladi. Ta’bir joiz bo‘lsa ota-onalar  talaba farzandining yutuqlari uchun rag‘batlantiriladi.

Bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda davlat rahbari tomonidan ma’naviy targ‘ibotning qamrovi va ta’sirchanligi pastligi, yoshlarning qiziqishlari inobatga olinmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois Ma’naviyat va ma’rifat markazi faoliyatini takomillashtirish, yoshlarni mafkuraviy tahdidlardan himoya qilib, ularga sog‘lom fikr beradigan manbalarni ko‘paytirish yuzasidan topshiriqlar berildi. Albatta, yoshlarning ongiga tahdidlar, “ommaviy madaniyat” xurujlariga qarshi kurash va shu kabi yo‘nalishlarda hamkor tashkilotlar bilan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar talaygina. Prezidentimiz va global davr talablaridan kelib, bu vazifalarda sustkashlikka yo‘l qo‘yilishi mumkin emas.    

 

Shavkat SHARIPOV,

Jizzax davlat pedagogika  

universiteti rektori, professor

O‘zA