Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Millat salomatligini asrashda muhim hujjat
12:59 / 2020-04-10

Mamlakatimizda sogʻliqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, avvalo, inson manfaatlarini taʼminlash, fuqarolarimiz salomatligini mustahkamlashga, ularning hayotdan, bugungi davr islohotlaridan rozi boʻlib yashashiga xizmat qilmoqda.

Munosabat

Mamlakatimizda sogʻliqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, avvalo, inson manfaatlarini taʼminlash, fuqarolarimiz salomatligini mustahkamlashga, ularning hayotdan, bugungi davr islohotlaridan rozi boʻlib yashashiga xizmat qilmoqda. Xalqimiz boshidan kechirayotgan bugungi sinovli kunlar mazkur sohaga yana-da katta eʼtiborni talab etayotganini barchamiz his etib turibmiz. Tibbiyot muassasalarini malakali va professional mutaxassislar bilan taʼminlash, kasbiy rivojlantirish tizimini yaxshilash kabi dolzarb vazifalar kun tartibidan oʻrin oldi.

Prezidentimizning joriy yil 7-apreldagi “Tibbiy-sanitariya sohasida kadrlarni tayyorlash va uzluksiz kasbiy rivojlantirishning mutlaqo yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori sohani yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Mazkur hujjatga muvofiq,barcha hududlardagi 47 ta tibbiyot kollejlari Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari etib qayta tashkil etiladigan boʻldi.Texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar oʻz sohasiga mos tibbiyot oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kirish imtihonlarisiz yakka tartibdagi suhbat orqali oliy taʼlim muassasalarida 2-kursdan oʻqishini davom ettirish huquqiga ega boʻladi.

Tibbiyot oliy taʼlim muassasalarida mutaxassislikka oid boʻlmagan fanlar 2 baravar qisqartiriladi va oʻrniga zamonaviy diagnostika va davolash usullarini oʻrganish fanlari kiritilishi ham taʼlim sifatini oshirishda muhim ahamiyatga egadir.

Shuningdek, qarorda hududlarning shifokorlarga boʻlgan ehtiyojidan kelib chiqqan holda tibbiyot oliy taʼlim muassasalari bakalavriatning “Davolash ishi”, “Pediatriya ishi” va “Kasbiy taʼlim (davolash ishi)” taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha davlat granti asosida oʻqishga qabul koʻrsatkichlari doirasidagi maqsadli qabul parametrlari tuman (shahar)lar kesimida shakllantirilishi nazarda tutildi.

Yuqoridagi yoʻnalishlar bitiruvchilari yashash boʻyicha roʻyxatga olingan joyidan qatʼi nazar davlat granti asosida maqsadli qabul parametrlarida koʻrsatilgan tuman (shahar)da kamida 5 yil ishlab berishi lozim boʻladi.

Kelgusi oʻquv yilidan boshlab tibbiyot oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarini shakllantirishda tibbiyot kadrlariga ehtiyoj yuqori boʻlgan hududlar uchun bakalavriat va magistraturaga davlat granti asosida oʻqishga maqsadli qabul parametrlarini 50 foizgacha oshirilishi, sohada yetuk kadrlarni tayyorlashga yana-da koʻmak berishini taʼkidlash joiz.

Bugun xorijiy tillarni oʻrganish zamon talabiga aylanib bormoqda. Bu jihat jahon andozasiga mos tibbiyot tajribalarini oʻzlashtirishda ham dastlabki muhim omildir. Shuni inobatga olgan davlatimiz rahbarining qarorida chet tilini bilish darajasi toʻgʻrisidagi xalqaro sertifikatga ega boʻlgan tibbiyot oliy taʼlim muassasalari talabalari stipendiyalariga qoʻshimcha toʻlovlar toʻlash tizimi joriy etildi. Bu esa yoshlarimizga boʻlgan gʻamxoʻrlikning ham yana bir namunasidir.

Prezidentimiz qarorida Xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlarning reytingidagi tibbiyot yoʻnalishida birinchi 200 oʻrinni egallagan oliy taʼlim muassasalarida klinik ordinatura (rezidentura) va magistratura mutaxassisligini tamomlagan, shuningdek, falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olgan davlat tibbiyot muassasalarining xodimlari lavozim maoshiga har oylik qoʻshimcha ustama toʻlash bilan ularni moddiy ragʻbatlantirish belgilandi.

Shuningdek, joriy yilning oʻzida jamoat salomatligi va sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmatlari sohasida oliy maʼlumotli kadrlarni tayyorlash boʻyicha alohida tibbiyot oliy taʼlim muassasasi tashkil etilishi salomatligimiz posbonlarining kasbiy malakasini oshirishga zamin yaratdi.

OʻzbekistondaN.I.Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti hamda Turkiya Baxchishehir universitetining filiallari va klinikalarini hamda boshqa nufuzli xorijiy tibbiyot taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda qoʻshma taʼlim dasturlari asosida xalqaro fakultetlari tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.

2020-yil 1-avgustga qadar mutaxassislik yoʻnalishlarida asosiy hisoblangan xalqaro tan olingan mualliflarning adabiyotlari, shuningdek, profilaktika, diagnostika va davolashning zamonaviy usullarini qoʻllash boʻyicha xorijiy darsliklarni mualliflik huquqlari talablariga rioya qilgan holda belgilangan tartibda oʻzbek tiliga tarjima qilish asosida tibbiyot oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat, magistratura va klinik ordinatura oʻquv dasturlarini qayta koʻrib chiqiladi.

Joriy yilning 1-sentyabrdan Nukus, Andijon, Buxoro, Samarqand, Urganch va Fargʻona shaharlarida joylashgan tibbiyot oliy taʼlim muassasalarida belgilangan tartibda falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajalarini beruvchi ilmiy kengashlar tashkil etilishi tibbiyot taʼlimi sohadagi qator byuroktarik muammolar hamda korrupsion holatlarni oldini olish boʻyicha qilingan eng katta qadamdir.

Shu oʻrinda, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi aylantirilmoqda hamda hududlarda ushbu markazning filiallari tashkil etiladigan boʻldi.

2021-yil 1-yanvardan boshlab, shifokorlar uchun har 5 yilda malaka toifasini olish boʻyicha majburiy attestatsiyadan oʻtish tartibi kiritiladi hamda ularga qulaylik yaratish va shaffof oʻtkazilishini taʼminlash uchun attestatsiyani onlayn tartibda audio va videokuzatuv ostida tashkil etish tizimi joriy etiladi. Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tibbiyot xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish uchun toʻlov bekor qilinadi.

Qarorda belgilangan barcha islohotlar Oʻzbekistonda tibbiy-sanitariya xodimlarini kasbiy rivojlantirish tizimini yaxshilash, sohada yetuk va chuqur bilimga ega kadrlarni zamonaviy taʼlim standartlari asosida tayyorlash, tibbiyot tashkilotlari, ayniqsa, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarini professional mutaxassislar bilan taʼminlash, tibbiyot taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilarining mavqeini oshirishga xizmat qiladi.

Robaxon Mahmudova,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi raisi.