Buyuk mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi hamda ulug‘ sarkarda va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligi yurtimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda.
Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti hamda “Adolat” SDP hamkorligida o‘tkazilgan adabiy-ma’rifiy anjuman ham ikki buyuk ajdodlarimizning boy adabiy va ilmiy merosini chuqur o‘rganish va yosh avlodga targ‘ib etishga qaratildi.
Tadbirda partiya Siyosiy Kengashi rahbariyati, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiya deputatlari, navoiyshunos va boburshunos olimlar, Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, universitet professor-o‘qituvchilari, talabalar qatnashdi.

Qayd etilganidek, Navoiy tafakkur maktabi, adolat va insonparvarlik timsoli, millat ruhiyatining yuksak cho‘qqisi sifatida ta’riflanadi. Bobur esa yuksak davlatchilik madaniyati, matonat va zukkolik namunasini o‘zida mujassam etgan shaxsdir. Ularning adabiy merosida tarannum etilgan ezgulik, adolat, mehr-oqibat va ilmga muhabbat g‘oyalari asrlar osha ahamiyatini yo‘qotmay kelmoqda.
Universitetda Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk ajdodlarimiz merosini o‘rganish va targ‘ib etish, ikki alloma hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ilmiy anjumanlar, davra suhbatlari, adabiy kechalar muntazam o‘tkazib kelinayotgani aytib o‘tildi.

“Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Abdukamol Rahmonov ikki mutafakkirning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida to‘xtaldi.
— Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur — nafaqat adabiyotimiz, balki milliy davlatchiligimiz va ma’naviy qiyofamizning asoschilari. Ularning asarlarida ilgari surilgan “Adolat — davlat va jamiyat tayanchi” degan tamoyil bugun biz barpo etayotgan Yangi O‘zbekistonning strategik maqsadlariga to‘la mos keladi. Globallashuv va mafkuraviy kurashlar keskinlashgan bugungi davrda ushbu bebaho meros biz uchun ma’naviy qalqon, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatuvchi mayoq vazifasini o‘taydi, — dedi Abdukamol Rahmonov.

Ma’rifiy uchrashuv davomida quyi palata deputati Shuhrat Yakubov, Xalqaro “Alisher Navoiy” ko‘krak nishoni sohibi Mansur Yunus hamda taniqli shoir Nasrullo Ergash tomonidan ikki alloma ijodining o‘ziga xos qirralari, ularning huquqiy va siyosiy qarashlari haqida mazmunli va ilmiy asoslangan ma’ruzalar qilindi.

Shuningdek, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, taniqli aktrisa Dilnoza Kubayeva ifodasida jarang sochgan g‘azal namunalari hamda ustazoda san’atkor Aziz Rajabiy ijro etgan milliy qo‘shiqlar tadbirga o‘zgacha shukuh va ruhiy ko‘tarinkilik bag‘ishladi.
M.Komilova, O‘zA