Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Mustaqilligimizning 34 yilligi munosabati bilan “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” shiori ostida “Kitobxon onalar” kuni tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i, shoira Guljamol Asqarova, taniqli shoira Gulchehra Shahobiddin qizi va boshqalar mustaqillik yillarida xotin-qizlarga qaratilayotgan e’tibor, ularning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, rahbarlik lavozimlaridagi faolligi va ayollarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi ishtiroki haqida batafsil so‘z yuritdi. Shu bilan birga, yurtimizda kitobxonlik madaniyatini yanada kuchaytirish borasidagi ezgu va ibratli ishlar xususida batafsil to‘xtaldi.

– Kitobxonlik onalardan boshlanadi, – dedi taniqli shoira, ma’naviyat targ‘ibotchisi Gulchehra Shahobiddin qizi. – “Kitobxon onalar” tadbirini o‘tkazish Milliy kutubxonamizda yaxshi an’anaga aylangan. Zero, aynan badiiy barkamol asarlarni yosh avlodga targ‘ib etishda kitobxon onalarning hissalari beqiyos.

Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar o‘tgan o‘ttiz to‘rt yil davomida mamlakatimiz hayotining barcha jabhalarida erishilgan yutuqlar, iqtisodiy rivojlanish modeli, inson huquq va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan islohotlar, shuningdek, istiqlol davri adabiyoti va xalq ozodligi yo‘lida kurashgan qahramonlarga bag‘ishlangan asarlar haqida batafsil fikr bildirdilar.

Tantanaga O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi ansambli hamda “Tarona” folklor ansamblining chiqishlari bayramona ruh bag‘ishladi.
N.Usmonova,
O‘zA