Joriy yilning 24-fevral kuni mamlakatimiz hayotida yoshlar siyosatiga doir mutlaqo yangi bosqich boshlandi. Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonimizning faol, tashabbuskor va izlanuvchan yoshlari bilan ochiq va samimiy muloqot o‘tkazdi. Bu shunchaki uchrashuv emas, balki davlat va yoshlar o‘rtasidagi ishonchli ko‘prikni yanada mustahkamlagan tarixiy muloqot bo‘ldi.
Davlat rahbari muloqot davomida: “Yoshlar bilan ishlash — bu alohida vazifa emas, bu har bir rahbarning kundalik burchi bo‘lishi shart”, deb qat’iy ta’kidladi.
Ana shu uchrashuvda “Payshanba — yoshlar kuni” deb belgilanib, har bir rahbar haftaning muayyan kunini aynan yoshlar muammolariga bag‘ishlashi lozimligi aniq vazifa sifatida belgilab berildi. Bu qaror — yoshlar bilan ishlashni mavsumiy tadbir emas, balki tizimli davlat siyosati darajasiga ko‘targan muhim qadamdir.
Prezidentimiz muloqotda yoshlarning bandligini ta’minlash, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy bilim va kasb-hunar egallashi uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekanini alohida qayd etdi. Bu fikrlar har bir rahbar zimmasiga yuksak mas’uliyat yuklaydi.

Ana shu yuksak talab va mas’uliyat ruhi Arnasoy tumanidagi uchrashuvda amalda o‘z ifodasini topdi. Musiqa va san’at maktabi binosida Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, general-mayyor G‘ayrat Qodirov hamda Arnasoy tumani hokimi Odil Musanov yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Uchrashuvda “G‘oliblar”, "G‘afur G‘ulom", "Bobur" va “Oltin vodiy” mahalla fuqarolar yig‘inlari yoshlari ishtirok etishdi.
Muloqot rasmiyatchilik doirasida emas, amaliy va ochiq ruhda kechdi. Prezident uchrashuvidan katta ruhiy kuch va ishonch olgan arnasoylik yigit-qizlar tadbirkorlik faoliyatini boshlash, imtiyozli kreditlardan foydalanish, yer ajratish, ish bilan ta’minlanish, ta’lim olish va xorijda o‘qish imkoniyatlari yuzasidan savollar berishdi, shu bilan birga, o‘z takliflarini ham bildirishdi. Ayrimlar o‘z startap loyihalarini taqdim etdi, boshqalar kasb-hunar o‘rganish va bandlik masalalarini ko‘tardi.
Eng muhimi, har bir murojaat mas’ullar tomonidan atroflicha tinglandi. Muammolarni hal etish bo‘yicha aniq muddat va ijrochilar belgilandi. Qator masalalar joyidayoq ijobiy hal etildi, qolgan murojaatlar ijro nazoratiga olindi. Bu — Prezident belgilab bergan “eshitish — tushunish — amaliy hal etish” tamoyilining joylarda to‘la qaror topayotganining yaqqol ifodasidir.
Davlatimiz rahbari 24-fevral kuni bo‘lib o‘tgan muloqotda: “Yoshlar muammosi kechga qoldiriladigan masala emas. Har bir murojaat ortida inson taqdiri turibdi” deya alohida urg‘u bergan edi.
Arnasoydagi uchrashuv aynan shu ruh va talab asosida tashkil etildi. Bu yerda yoshlar o‘zlarini tinglanadigan, qo‘llab-quvvatlanadigan va ishonch bildiriladigan kuch sifatida his qilishdi. Rahbarlar esa mas’uliyatni chuqur anglagan holda har bir murojaatga jiddiy yondashishdi.
“Payshanba — yoshlar kuni” tashabbusi endilikda barcha hududlarda rahbar faoliyatining ajralmas qismiga aylanishi zarur. Chunki yoshlar bilan muloqot — bu faqat uchrashuv emas, bu millat kelajagi bilan yuzma-yuz suhbatdir. Arnasoy tumanidagi ochiq va amaliy muloqot ushbu tashabbusni butun respublika uchun ibrat darajasida namoyon etdi.
Zero, yoshlarga e’tibor — bu kelajakka sarmoyadir. Yoshlar bilan samimiy va ochiq muloqotlar esa Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining eng mustahkam poydevoridir.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari