Har bir mamlakatning eng asosiy boyligi uning fuqarolaridir. Aholining salomatligi esa eng muhim jihat.
Chunki sog‘lom millat, baquvvat, kuch va g‘ayratga to‘la xalq ko‘zlangan marralarga erishishda qanot bo‘la oladi. Bugungi sog‘lom avlod millat bardavomligini, islohotlar samaradorligini ta’minlashga qodir bo‘ladi. Shunday ekan, har bir davlat o‘z aholisining salomatligiga g‘amxo‘rlik qilishni eng birinchi galdagi vazifasi deb biladi.
Bu borada yurtimizda ham aholi salomatligini asrab-avaylash, kelajak avlodning barkamol, kuch-quvvatga to‘la bo‘lib ulg‘ayishi uchun sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratib kelinadi. Aholiga sifatli va tezkor tibbiy xizmat ko‘rsatish, birlamchi tibbiy xizmatni aholiga yaqinlashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Sohaga oid huquqiy asoslar takomillashtirilib, muayyan dasturlar qabul qilinmoqda. Ular asosida tibbiyot sohasini yanada rivojlantirish, zamon talablari darajasiga yetkazish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda. Sohaga ajratilayotgan byudjet mablag‘lari hajmi yildan-yilga ko‘paytirib borilayapti.

Har yilgi Davlat dasturlarida tibbiyot sohasini rivojlantirish, aholi salomatligini asrashga qaratilgan qator vazifalar belgilab beriladi. Joriy yilgi "O‘zbekiston — 2030" strategiyasini "Atrof-muhitni asrash va "yashil" iqtisodiyot yili"da amalga oshirishga oid Davlat dasturida ham aholi o‘rtasida eng ko‘p uchraydigan kasalliklarni barvaqt aniqlash va ular bilan kasallanish holatlarini keskin kamaytirish, kasallik aniqlangan fuqarolarni individual sog‘lomlashtirish choralarini ko‘rish, onalar va bolalar o‘limini qisqartirish, sog‘lom bolalikni ta’minlash kabi qator yo‘nalishlarda aniq choralar belgilab qo‘yildi.
Xususan, Davlat dasturida 18 — 40 yoshli 12,7 million nafar aholini profilaktik ko‘rikdan o‘tkazish, 7,1 million nafar 40 va undan katta yoshdagi aholi orasida eng ko‘p uchraydigan yurak-qon tomir, qandli diabet, o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalliklari xavfini aniqlash maqsadida profilaktik ko‘riklarni o‘tkazish vazifalari o‘z ifodasini topgan.
Shuningdek, boshqariluvchi yuqumli kasalliklar bo‘yicha epidemiologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida profilaktik emlash tadbirlarini izchil amalga oshirish belgilangan bo‘lib, bu borada 5,6 mln. nafar bolani 13 turdagi vaksina bilan boshqariluvchi yuqumli kasalliklarga qarshi emlash choralari ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, xavf guruhiga mansub bo‘lgan aholini onkologik kasalliklar bo‘yicha skrining tekshiruvlaridan o‘tkazish bo‘yicha ham bir qator aniq vazifalar o‘z aksini topgan.
Ta’kidlash lozimki, Davlat dasturida aholi salomatligini asrash, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish bo‘yicha ifodalangan vazifalar millat genofondini asrash, aholi vakillarini turli kasalliklardan himoya qilish, sog‘lom va barkamol avlod bardavomligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Bugungi kunda joylarda, tibbiyot muassasalarida dasturilamal hujjatda belgilangan maqsad va vazifalar ijrosini ta’minlash, ularni hayotga tatbiq etish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Bu esa mamlakatimiz aholisining salomatligini saqlashga zamin bo‘ladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA