Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Millat fidoyilariga bag‘ishlangan hujjatli filmlar namoyishi bo‘lib o‘tdi
18:11 / 2024-10-04

Poytaxtimizdagi Milliy kino saroyida O‘zbekiston Kinematografiya agentligi tomonidan “Millat fidoyilari” deb nomlangan ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Uning doirasida Mahmudxo‘ja Behbudiy, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy hayoti, faoliyatiga bag‘ishlangan hujjatli filmlar taqdimoti o‘tkazildi.  

Ma’lumki, jadidlar o‘z davrining ilg‘or  ziyolilari bo‘lib, xalqni qiynab kelayotgan muammolar ildizi, mustamlakachilarning asl maqsad-muddaolarini ro‘y-rost ko‘ra olganlar, ularni baralla ayta olganlar. 

Butun umrini xalqni zalolat botqog‘idan xalos etish, uni ma’rifat sari boshlashga bag‘ishlagan taraqqiyparvar  bobolarimizning hayotiy maqsad-muddaolari bugun ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan.  

Tadbirda e’tirof etilganidek, “Tilda, fikrda, ishda birlik” degan ezgu g‘oya bilan maydonga chiqqan jadid bobolarimiz xalqlarimizni jaholat va qoloqlikdan olib chiqish, ularni g‘aflat botqog‘idan qutqarishning asosiy yo‘li – bilim va ma’rifatda, dunyoviy taraqqiyotni egallashda, deb bildilar.  

Ular shu yo‘lda fidoyilik ko‘rsatib, yangi usul maktablari, teatr va kutubxonalar, nashriyotlar ochdilar. Jamiyat a’zolarining dunyoqarashi va turmush tarzini o‘zgartirish maqsadida gazeta va jurnallar nashr etdilar. Yoshlarni ilg‘or davlatlarga o‘qishga yubordilar.  

Ayni paytda davlat boshqaruvi, sud-huquq, moliya, soliq tizimlari, yer masalalarini tubdan isloh qilish yo‘lida harakat qildilar. Ma’rifatparvar bobolarimiz milliy uyg‘onish, milliy taraqqiyot g‘oyasini ro‘yobga chiqarish uchun bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etdilar...  

Mahmudxo‘ja Behbudiy, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy hayotidan so‘zlovchi hujjatli kartinalar tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.  

N.Usmonova,  

O‘zA