Mudofaa vazirligiga qarashli Sirdaryo viloyatining Shirin shahridagi harbiy qismda Vatanimiz mustaqilligi, tinchligi va xalqimiz osoyishtaligi yo‘lida jon fido qilgan mard o‘g‘lonlar xotirasiga bag‘ishlangan “Millat fidoyilari” nomli kitob albomining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish avvalida jonkuyar farzand — sirdaryolik Elomon Otajonov xotirasi yodga olindi. Uning jasorat bilan kechgan qisqa, ammo mazmunli umri, Vatanga sadoqati yoshlar uchun ibrat sifatida tilga olindi.

“Millat fidoyilari” asari Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Mudofaa vazirligi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida tayyorlangan bo‘lib, unda yurt himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan 23 nafar askar va zobit haqida hikoya qilinadi. Kitob albomda ularning bolaligi, xizmat yo‘li, jasorati va xotirasini abadiylashtirishga xizmat qiladigan xotira lavhalari o‘rin olgan.

Taqdimotda so‘zga chiqqanlar bu asar yoshlarda Vatanga muhabbat, jasorat va mas’uliyat tuyg‘ularini tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar. Shuningdek, harbiy xizmatchilar uchun bu kitob ruhiy-ma’naviy quvvat manbai ekani qayd etildi.

Marosim yakunlangach, “Millat fidoyilari” kitob albomi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Sirdaryo viloyati bo‘limi tomonidan harbiy qism kutubxonasiga sovg‘a qilindi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri