FOTOREPORTAJ
Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari tasarrufidagi Surxondaryo viloyati Termiz shahri “Yosh chegarachilar” harbiy-akademik litseyida Vatanimiz mustaqilligi, tinchligi va xalqimiz osoyishtaligi yo‘lida jon fido qilgan mard o‘g‘lonlar xotirasiga bag‘ishlangan “Millat fidoyilari” nomli kitob-albomining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
“Millat fidoyilari” asari Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Mudofaa vazirligi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida tayyorlangan bo‘lib, unda yurt himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan 23 nafar askar va zobit haqida hikoya qilinadi. Kitob-albomda yurt qahramonlarining bolaligi, xizmat yo‘li, jasorati va xotirasini abadiylashtirishga xizmat qiladigan xotira lavhalari o‘rin olgan.
Tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bo‘lim boshlig‘i To‘xtasin Arslonov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Nargiza Rahmatullayeva so‘z olib, kursantlarga Vatan himoyasi va mustaqilligimizni mustahkamlash yo‘lida jon fido qilgan bahodir o‘g‘lonlarning hayoti va matonati haqida so‘zlab berdi. Bu asar yoshlarda Vatanga muhabbat, jasorat va mas’uliyat tuyg‘ularini tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Shuningdek, harbiy xizmatchilar uchun bu kitob ruhiy-ma’naviy quvvat manbai ekani qayd etildi.
[gallery-25883]
Marosim yakunida “Millat fidoyilari” kitob-albomi harbiy-akademik litsey kutubxonasiga sovg‘a qilindi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA