French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Millat dardini ko‘rsata olgan ijodkor
10:55 / 2026-01-22

Atoqli adib va dramaturg, ustoz ijodkor Sharof Boshbekov asarlari kitobxonni vijdon uyg‘oqligiga da’vat etishi, borliqqa mudom hushyor nigoh bilan nazar tashlash, o‘z-o‘zini beayov taftish etishga undashi bilan qimmatli.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, «Mehnat shuhrati» ordeni sohibi, atoqli dramaturg va yozuvchi Sharof Boshbekov tavalludining 75 yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasi bo‘lib o‘tdi.

Anjuman avvalida ijodkor xotirasiga hurmat ko‘rsatilib, u mangu makon topgan tabarruk maskan ziyorat etildi. Qur’on tilovat qilindi.  

Yozuvchilar uyushmasida tashkil etilgan ma’rifiy anjumanda ustoz Sharof Boshbekov ijodi xususida batafsil fikr yuritildi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo Sharof Boshbekov tavalludiga bag‘ishlangan adabiy tadbirlar mamlakatimizning har bir viloyatida bo‘lib o‘tishi ko‘zda tutilayotgani, ustoz ijodkorning asarlari adolat, haqiqat, jasorat, millat kamolotiga xizmat qilishini e’tirof etdi.  

–Sharof aka Boshbekov deganda millatning qayg‘usi, fojeasi, og‘riqlari, iztiroblarini nihoyatda katta mahorat bilan ochib berilgan “Temir xotin” asari ko‘z o‘ngimizga keladi, – dedi Minhojiddin Mirzo. – Aynan Alomatning Qo‘chqor akaga aytgan ta’kidlarida bu so‘zlar nainki Alomatxonga, balki millatni uyg‘otishga qaratilganini anglash mumkin.  

– Inson ko‘nglida ro‘y bergan o‘zgarishlar Sharof Boshbekov asarlarida yuksak mahorat bilan ochib berilgan, – dedi adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori Qozoqboy Yo‘ldoshev. – Uning asarlarini faqat o‘qish, uqish kerak. U o‘z qahramonlarining og‘zi bilan o‘z davrida aytib bo‘lmaydigan bir dunyo muammolarni ayta olgan ijodkor edi. Ijodkorning asl umri bu hayotdan ko‘z yumganidan keyin boshlanadi. Sharof Boshbekov ana shunday kuchli ijodkor edi.  

Darhaqiqat, dramaturg Sharof Boshbekovning o‘tkir muammolar ko‘tarilgan sahna asarlari davrning iztiroblari, achchiq dardlarini, muammolarini ro‘y-rost aks ettirgani bois millionlab tomoshabinlar qalbini zabt etgan.  

Ustoz dramaturg Sharof Boshbekov 1951 yil Samarqandda dunyoga kelgan. Dastlab hikoya janrida o‘z iste’dodini sinab ko‘rgan. Sharof Boshbekov «G» varianti» (1981), «G‘urur» (1982) «Jumboq» (1986) kabi hikoyalarni yozdi.  

Shundan so‘ng adibning rang-barang mavzudagi sahna asarlari yaratildi. Sharof Boshbekov «Tushov uzgan tulporlar» (1983) hamda «Eshik qoqqan kim?» (1987) kabi komediya, «Temir xotin» (1989), «Qasosli dunyo» qisqa metrajli film ssenariysini yozdi. Shuningdek, «Eski shahar gavroshlari» (1998) kabi jiddiy komediyasi, «Taqdir eshigi» dramasi maydonga keldi.

Ayniqsa, «Temir xotin» pesasi adibga katta shuhrat keltirdi. Unda fan-texnika rivoji davrida inson ongi, dunyoqarashi, ruhiyatida sodir bo‘layotgan jiddiy o‘zgarishlar hajviy yo‘sinda katta mahorat bilan ochib berilgan. Adibning shu asari asosida kinofilm ham yaratildi (1990). Shuningdek, u «Sharif va Ma’ruf», «Yuzsiz» (1993), «Tilla bola» (1994) kabi filmlarning ssenariylarini yozishda ham ishtirok etdi.

Sharof Boshbekov «Masxaraboz» (1996), «Farhod va Shirin» filmlarining ssenariysini yozish barobarida rejissyor sifatida ham ijod qildi. «Charxpalak» nomli 60 lavhali videofilmni ham yaratdi. Shuningdek, «Tentak farishtalar» (1995), «Zo‘rdan zo‘r chiqsa» (1996) kabi sahna asarlarini yozdi. Uning «Temir xotin» asari 1989 yilda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Maqsud Shayxzoda nomidagi mukofotiga loyiq deb topildi. 1990 yilda esa Sharof Boshbekovga Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofoti berildi. Mustaqillik yillarida Sharof Boshbekov «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlangan edi.

Adabiy anjumanda Sharof Boshbekov millat dardi bilan yashagan, o‘ziga ko‘rgan yaxshiliklarni o‘zgalarga ham ravo ko‘ruvchi, jasoratli, rostgo‘y ijodkor bo‘lgani, ustoz dramaturg bilan bog‘liq yorqin hayotiy xotiralar yodga olindi.  

Nazokat Usmonova,  

O‘zA muxbiri