Argentinaning yaqinda saylangan Prezidenti Xaver Miley millatga qilgan murojaatida iqtisodiyotda islohot amalga oshirish bo‘yicha 300 dan ziyod formon imzolaganini ma’lum qildi. Endi bu hujjatlarni parlament tasdiqlashi kerak.
– 300 dan ortiq g‘oyaning men eslatib o‘tgan 30 tasi favqulodda qabul qilingan dekretlar bo‘lib, bugun imzolandi, – dedi Miley. – Ushbu farmonlardan ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakatni qayta tizimlashtirish, erkinlikni qaytarish, iqtisodiy taraqqiyotni to‘xtatib turgan ko‘plab to‘siqlarni olib tashlashdan iborat. Islohotlar ro‘yxatida xususiylashtirish, eksportni osonlashtirish, narxni muvofiqlashtirib turishdan voz kechish kabi qator choralar bor. Hozir ilk qadamlarni tashlayapmiz. Tez orada parlamentning favqulodda majlisini chaqirib, qonunlar to‘plamini taqdim etamiz, deputatlardan o‘zgarish jarayonini harakatga keltirishni so‘raymiz.
O‘tgan hafta mamlakat iqtisodiyot vaziri Luis Kaputo milliy valyuta kursi ikki barobar arzonlashtirilishini bildirgandi. Uning ta’kidlashicha, transport va energiyaga subsidiya kamaytiriladi. Davlat infratuzilmani moliyalashtirishdan chekinadi, ma’muriy boshqaruv tarkibi qisqartiriladi. Hukumat mazkur yangiliklarni o‘ta muhim chora sifatida ko‘ryapti.
“Islohot mamlakat halokatga, giper inflyatsiyaga uchramasligi uchun kerak, – deydi Prezidentning rasmiy vakili Manuel Adorni.
S.Rahimov, O‘zA