Joriy yilning 6-22 fevral kunlari Italiyaning Milan hamda Kortina-d’Ampesso shaharlarida XXV qishki Olimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Dunyoning 93 mamlakatidan 2871 nafar sportchi qatnashadigan mazkur nufuzli musobaqada o‘zbekistonlik necha nafar atlet ishtirok etishi kutilmoqda?
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, boshlanishiga sanoqli kunlar qolgan to‘rt yillikning eng muhim kompleks musobaqasida O‘zbekiston sport jamoasi 4 nafar sportchi bilan ishtirok etishi belgilangandi.
"Milan-Kortina-2026" qishki Olimpiya o‘yinlari saralash sikli yakuniga ko‘ra, Vatanimiz sharafini Dmitriy Chigirev hamda Yekaterina Geynish figurali uchishning juftlik, Medet Nazarov tog‘ chang‘isining slalom va gigant-slalom, Daniil Yeybog short-trekning 500 metr masofaga yugurish yo‘nalishlarida Olimpiada yo‘llanmalariga ega chiqqandi.
Biroq tayyorgarlik jarayonida Dmitriy Chigirev jarohat olib, Olimpiadagacha tiklana olmasligi ma’lum bo‘ldi. Bu, "Milan-Kortina-2026" qishki Olimpiya o‘yinlarida sportchilarimiz faqat tog‘ chang‘isi va short-trek dasturlarida qatnashishini anglatmoqda.
T.Ro‘ziyev, O‘zA