Milan. Keksalar uyida yong‘in: qurbonlar 6 kishi
Italiyaning Milan shahridagi qariyalar uyida ro‘y bergan yong‘in olti kishining o‘limiga sabab bo‘ldi, 120 dan ziyod keksa jarohat olgan, deb xabar tarqatdi “Corriera della Sera” gazetasi.
Ofat yarim tunda boshlangan. Xabarda aytilishicha, 81 kishi kasalxonaga yotqizilgan, ularning uch nafari og‘ir ahvolda. Yana 40 kishi kuygan mahsulotlardan zaharlangan. Baxtsiz hodisa sababi hali noma’lum, hozircha “tasodif” farazi ilgari surilyapti.
Keksalar uyi 1920 yil qurilgan uch qavatli binoda joylashgan bo‘lib, 210 o‘ringa mo‘jallangan. “Repubblica” nashri yozishicha, muassasa 12 bo‘limdan iborat bo‘lib, uchta bo‘linmaga Alsgeymer bilan xastalanganlar joylashtirilgan.