Prezident tashrifidan so‘ng…
Zamonaviy aloqa vositalaridan tortib, jamoat transportidagi raqamli to‘lov tizimlarigacha – barchasi elektrotexnika sohasidagi yuqori texnologik yechimlar samarasidir. Ushbu qurilmalarning boshqaruv markazi bo‘lgan mikroprotsessorlar jarayonlarni avtomatlashtirish orqali kundalik hayotimizda qulaylik va xavfsizlikni ta’minlamoqda.
Bunday mahsulotlar aynan mamlakatimizda ham ishlab chiqarilayotgani esa strategik ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda import hajmini qisqartirish, ichki bozorni raqobatbardosh mahsulotlar bilan ta’minlash hamda eksport salohiyatini oshirish ustuvor vazifalardan biriga aylandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 13-fevral kuni Toshkent viloyati Ohangaron tumaniga tashrifi doirasida “Vades Group” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan mikroprotsessor modullari ishlab chiqarish loyihasi bilan ham tanishdi.
Mazkur korxonada identifikatsiya uchun mo‘ljallangan mikroprotsessor modullari, sim-kartalar, shuningdek, transport, ijtimoiy va xalqaro to‘lov kartalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Loyiha Germaniyaning eng yirik yarim o‘tkazgichlar ishlab chiqaruvchisi “Infineon technologies” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
“Vades Group” kompaniyasi ta’sischisi Igor Li mamlakatimizda tadbirkorlarga yaratilayotgan sharoitlar korxona faoliyatiga sezilarli turtki berganini alohida ta’kidladi.
– Sohaga berilayotgan e’tibor, qabul qilingan muhim qarorlar va “Infineon technologies” kabi yirik xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlik bizga katta ishonch berdi, – dedi Igor Li. – Endi mahsulotimizni faqat O‘zbekiston bozori uchun emas, balki butun dunyo uchun ishlab chiqarish imkoniyatiga egamiz. Bir yil ichida Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Mozambik va Kambodja kabi qator davlatlar bozoriga kirishga erishdik. Bu esa ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, korxonaning barqaror rivojlanishini ta’minlash va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

Mutaxassislar fikricha, bunday loyihalar davlat siyosati va xususiy sektor hamkorligining amaliy natijasidir. Ya’ni, qabul qilinayotgan strategik qarorlar real ishlab chiqarish quvvatlari, yangi bozorlar va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ko‘rinishida o‘z ifodasini topmoqda. Bu esa elektrotexnika sanoatini iqtisodiyotning drayver tarmoqlaridan biriga aylantirish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, 2025-yil davomida mamlakatimizga 35 million dollarlik mikroprotsessor modullari, sim-kartalar va turli to‘lov kartalari import qilingan.
Mazkur korxona to‘liq ishga tushishi hisobiga 5 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarilib, bozordagi tannarx uch-besh foizga pasayishi kutilyapti.
Loyiha nafaqat yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi, balki aholining bandligini oshirishga ham xizmat qiladi. Shu bilan birga, zamonaviy korxonalar mahalliy kadrlar salohiyatini rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi. Loyiha doirasida 4 gektar maydonni egallagan zamonaviy majmuada 100 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
– Ilgari bunday mahsulotlar mamlakatimizga asosan import qilingan bo‘lsa, endilikda ularni o‘zimizda ishlab chiqarish imkoniyati yaratildi, – dedi “Vades Group” korxonasining tijorat bo‘limi boshlig‘i Muzaffar Hoshimov. – Bu valyuta mablag‘larini tejash, ichki bozorni sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar bilan ta’minlash, shuningdek, eksport hajmini oshirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, zamonaviy texnologiyalar asosida yo‘lga qo‘yilayotgan ishlab chiqarish jarayonlari mahalliy mutaxassislar malakasini oshirish, xalqaro standartlarga mos mahsulot tayyorlash va mintaqaviy bozorda mustahkam o‘rin egallash imkonini beradi.
Davlatimiz rahbari korxonaga tashrif buyurganida bu yerdagi ishlab chiqarish jarayonlari, istiqboldagi rejalar haqida ma’lumotlar taqdim etdik. O‘z o‘rnida faoliyatimizni yanada jonlantirish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar oldik.
Marhabo HOJIAKBAROVA, O‘zA muxbiri