Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mikromoliya xizmatlarining o‘rni va ulushi oshirilmoqda
22:39 / 2023-11-28

Yangi qaror

Bugungi kunda yurtimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, hududlarda mikromoliyaviy xizmatlardan foydalanish ko‘lamini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.  

Bunda 2023 yil 11 noyabrda qabul qilingan “Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishda mikromoliya xizmatlarining o‘rni va ulushini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori dasturilamal vazifasini bajarmoqda.

– Mazkur qarorning qabul qilinishidan maqsad mikromoliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish, aholining keng qatlamlari tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, mikromoliya tashkilotlari uchun qo‘shimcha moliyaviy resurslar, shu jumladan, depozit jalb qilish imkoniyatini yaratish, mikromoliya tashkilotlari va tijorat banklari o‘rtasidagi “zanjir”ni mustahkamlashdir, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining Navoiy viloyatidagi shu’basi yetakchi inspektori Ulug‘bek Nishonov. – Qarorda mikroqarzning yuqori miqdori 50 million so‘mdan 100 million so‘mga oshirilishi, nobank kredit tashkilotlari aksiyadorlik jamiyati yoki mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etilishi ko‘rsatilgan. Ular norezidentlardan xorijiy valyutada qarz mablag‘larini jalb qilish hamda yuridik shaxslarga xorijiy valyutada moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishi, litsenziya olgan holda to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega bo‘lishdi. Shuningdek, banklarga mikromoliya tashkilotlariga kredit ajratishda ularning ko‘rsatilgan mikromoliyaviy xizmatlari bo‘yicha talab qilib olish huquqini garovga olish huquqi berildi.  

Qaror bilan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan nobank kredit tashkilotining ustav kapitalidagi ulushga egalik qilish uchun Markaziy bank dastlabki ruxsatnomasini olish talabi qonunchilikda belgilangan 10 foizlik ulushni 20 foizga oshirish orqali yumshatiladi. Bunda olinayotgan ulush miqdori 10 foizdan 20 foizgacha bo‘lganda Markaziy bankni xabardor qilish tartibi joriy etiladi.  

Tadbirkorlik sub’ektlari o‘z bizneslarini rivojlantirish maqsadida mikromoliya tashkilotlariga murojaat qilganida “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan kredit olmoqchi bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlariga garov ta’minoti sifatida o‘z kafillik xizmatini ko‘rsatadi.  

2024 yil 1 yanvardan boshlab esa oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida oldin ajratilgan kreditlarning qaytarilgan qismidan kichik tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish uchun 1 trillion so‘m mablag‘larni mikromoliya tashkilotlariga joylashtirish va vakolatli banklar tomonidan mikromoliya xizmatlari ko‘rsatishga 2 trillion so‘m mablag‘lar yo‘naltiriladi. Natijada mikromoliyaviy xizmatlar bilan tadbirkorni ko‘proq qamrab olish orqali qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi. Bu esa aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga olib keladi.  

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri