Qaror va ijro
Prezidentimizning 2022 yil 25 iyuldagi “Mahallalarda sanoat, hunarmandchilik, kasanachilik va chorvachilik mikromarkazlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Toshkent viloyatida ham 17 ta mikromarkaz tashkil etilishi belgilangan edi. Hozirgi kunda Olmaliq, Nurafshon shaharlari, Chinoz va Ohangaron tumanlarida mikromarkazlar o‘z faoliyatini boshlagan. Mikromarkazlar foydalanishga topshirilgandan boshlab 3 yil muddatda ularga nisbatan yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i va mol-mulk solig‘i uchun soliq stavkasi 50 foiz miqdorida belgilangan.

Bu mikromarkazlar mahallalar yoki ularning tutash hududlarida bo‘sh turgan davlat mulki ob’ektlari negizida, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan yer maydonida tashkil qilinadi. Maqsad fuqarolarni har tomonlama ko‘llab-quvvatlash, ularning ish faoliyatini yaxshilash, ishsizlik darajasi yuqori bo‘lgan mahallalarda zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarining ishga tushirilishini jadallashtirishdir.
Ohangaron shahridagi Qo‘rg‘on mahallasida ish boshlagan mikromarkazning loyiha qiymati 1 milliard 200 million so‘mni tashkil qiladi. Bu yerda 120 nafardan ortiq o‘quvchi va xotin-qiz hunarmandchilikning 5 turi bo‘yicha o‘qitilmoqda. Xususan, Kulolchilik, kashtachilik, tikuvchilik, savatchilik, payvandchilikka qiziquvchilar safi ortgan. Tayyorlangan mahsulotlarning ichki bozorda xaridori chaqqon bo‘lmoqda. Loyiha tashabbuskori Gulira’no Umarova ko‘plab o‘quvchilarni bepul o‘qitib, malakasini oshirishga hissa qo‘shmoqda.

Shuningdek, bu yil Zangiota tumani bo‘yicha qo‘shimcha ravishda 20 ta mikromarkaz tashkil etish borasidagi sa’y-harakatlar boshlangan.

–Dastlabki 4 ta mikromarkazni joylardagi bo‘sh turgan binolarda tashkil qildik, – deydi Zangiota tumani Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Sarvar Mahamatov. – Mahalliy tadbirkorlar va ishsiz aholini jalb qildik. Bu yerda tikuvchilik, sartaroshlik, novvoyxona va turli xizmat ko‘rsatish tarmoqlari ish boshlash arafasida. Bundan tashqari, tumanimizdagi “Fayz” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 60 nafar xotin-qiz 33 million so‘mdan imtiyozli kredit olib, tikuvchilikni boshladi. Tumanimiz poytaxtga yaqin bo‘lgani uchun atrofda bozorlar ko‘p. Tayyor tikuvchilik mahsulotlariga talab katta. Shu sababli ham bu borada yaxshi natijaga erishilmoqda.
A.Musayev,
O‘zA muxbiri