Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya institutiga OAV xodimlari uchun press-tur uyushtirildi.
Jurnalistlar Mikrobiologiya institutida tashkil qilingan yangi tajriba-eksperimental laboratoriyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Tizim yangiliklari, sohaga kirib kelayotgan yoshlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlar bilan qiziqishdi. Tadqiqotchi yoshlarning laboratoriyadagi ilmiy faoliyati kuzatildi. Tajribali olimlar laboratoriyada qanday ishlarni amalga oshirayotgani haqida OAV xodimlariga batafsil ma’lumot taqdim etildi.
– Atrof-muhitda ko‘z ilg‘amas mikrojonzotlar mavjud, –deydi FA Mikrobiologiya instituti direktori, biologiya fanlari doktori, professor Qahramon Davronov. –Soha juda qiziqarli va muhim. Tuproqda chuvalchangning kamayib ketayotgani, qurbaqaning kamligi, qushlarning noyoblashib ketishi, hamma-hammasi zanjir kabi bir-biriga bog‘liq. Sohada yangiliklar, ilmiy izlanishlar olib borilayapti. Umid bilan yosh kadrlar sohaga kirib kelyapti. Ularga ilmiy izlanishlar qilishi uchun moddiy imkoniyat, sharoit yaratilmoqda.
Press-tur ishtirokchilari Tuproq mikrobiologiyasi va biotexnologiyasi laboratoriyasida ham bo‘ldi. U yerdagi jihozlar, amaliyotda qo‘llaniladigan har bir laboratoriya moslamalari ko‘zdan kechirildi. Qizg‘in borayotgan ilmiy ishlar loyihalari bilan tanishishdi. Qayd etilganidek, ilmiy maskanda laboratoriya xodimlari tuproqdagi o‘simliklar uchun muhim bo‘lgan mikroorganizmlarni o‘rganib, ulardan bioo‘g‘itlar va biostimulyatorlar tayyorlash yo‘nalishida izlanishlar olib boradi.

Tadbir davomida jurnalistlar fiziologik faol moddalarning biokimyo va biotexnologiyasi hamda molekulyar biologiya laboratoriyalarini ham ko‘rishdi. U yerdagi xodimlarning ilmiy salohiyati, ishlarining borishi, ustoz-shogird an’analari, asbob-uskunalarning ozoda saqlanish jarayonlari bilan tanishdi.
Press-turda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob olishdi.
D.Mamatova, O‘zA