O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 9 sentyabrdagi “Energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida«gi farmoniga asosan gidroenergetika yo‘nalishiga tegishli bandlar ijrosini ta’minlash borasida "O‘zbekgidroenergo" AJ tomonidan izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Ta’kidlash joizki, mikro va kichik gidroelektr stansiyalarini qurishga doir biznes loyihalarining jozibadorligini oshirish orqali sohaga xususiy investitsiyalarni kengroq jalb etish maqsad qilingan. Bu borada jismoniy va yuridik shaxslar uchun Namangan, Farg‘ona, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida uchrashuvlar, ochiq muloqotlar, targ‘ibot tadbirlarining o‘tkazilishi ta’minlandi.

Targ‘ibot tadbirlarida gidroenergetikani yanada rivojlantirish borasida mamlakatimizda xususiy sektor vakillari uchun yaratilayotgan qulayliklar haqida ma’lumotlar berildi.
MA’LUMOT O‘RNIDA: mikro va kichik GES qurish uchun yer maydonlari tadbirkorlarga kamida 20 yil muddatga ijaraga tekin beriladi.
Asosiy faoliyati kichik gidroelektr stansiyalari qurilmalarini ishlab chiqarish bo‘lgan yuridik shaxslar uch yil muddatga yuridik shaxslarning foyda solig‘i hamda mol-mulk solig‘ini belgilangan stavkalarning 50 foizi miqdorida to‘laydi.
2022 yil 1 oktyabrdan boshlab quvvati 5 MVt.gacha bo‘lgan gidroelektrstansiyalarda ishlab chiqarilgan elektr energiyasi «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ va davlat tomonidan elektr energiyasini xarid qiluvchi funksiyasi (vakolati) berilgan organ tomonidan kafolatlangan tarzda sotib olinadi.
Quvvati 5 MVt.gacha bo‘lgan gidroelektrstansiyalarni qurish bo‘yicha loyiha tashabbuskorlari Energetika vazirligi buyurtmasi asosida “E-AUKSION” elektron savdo maydonchasida o‘tkaziladigan ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotib olish tarifini pasaytirib borish yuzasidan elektron auksion natijalari asosida aniqlanadi. Bunda, boshlang‘ich narx II guruh iste’molchilari uchun belgilangan tarifga nisbatan:
quvvati 500 kVt.gacha bo‘lgan gidroelektrstansiyalarga 150 foiz miqdorida;
quvvati 500 kVt.dan 2 MVt.gacha bo‘lgan gidroelektrstansiyalarga 120 foiz miqdorida;
quvvati 2 MVt.dan 5 MVt.gacha bo‘lgan gidroelektrstansiyalarga 100 foiz miqdorida belgilanadi.
Shu bilan birga, mikro va kichik gidroelektrstansiyalarni qurish uchun talab etiladigan yer uchastkalari belgilangan tartibda jamoat ehtiyojlari uchun Energetika vazirligiga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi va keyinchalik elektron auksion g‘olibi bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektiga uzoq muddatli ijara huquqi asosida taqdim etiladi. Mazkur farmon asosida endilikda xususiy sektor (tadbirkorlar) tomonidan quvvati 5 MVt.gachabo‘lgan mikro va kichik GESlarni (suv yig‘ish inshootlarini qurmasdan) qurib elektr energiyasini ishlab chiqarishi mumkin.

«O‘zbekgidroenergo» AJ tomonidan tadbirkorlarga qulayliklar yaratish borasida mikro va kichik GESlarga oid ma’lumotlarni olishlari hamda Jamiyatning tegishli mutaxassislari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanishlari uchun telegram ijtimoiy tarmog‘ida “MEN HAM GES QURAMAN” maxsus boti ishga tushirildi.
Mazkur bot orqali mikro va kichik GESlarni qurishga oid qonuniy asoslar, yaratilayotgan imkoniyatlar, taklif etilayotgan loyiha maydonlari va mutaxassislarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish uchun aloqa ma’lumotlari beriladi.
Endilikda xususiy sektor vakillari, tadbirkorlik sub’ektlari ortiqcha ovoragarchiliklardan qutulish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Uzoq masofadan turib ham maxsus bot orqali mikro va kichik gidroelektrstansiyalarni qurish uchun taklif etilayotgan loyihalarning hududlar bo‘yicha joylashuv manzillarini tanlab, o‘z takliflarini bildirish imkoniyati yaratildi.
Aholi va tadbirkorlar o‘rtasida ushbu yo‘nalishda keng targ‘ibot tadbirlari davom ettirilmoqda.
O‘zA