English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Migratsiyadagi yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi
18:53 / 2025-07-28

Sirdaryo viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi tomonidan xorijda bo‘lib turgan yoshlar bilan onlayn muloqot o‘tkazildi. Ushbu tadbir viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi hamda Migratsiya agentligi hamkorligida tashkil etildi.

Muloqotda Rossiya, Italiya, Kanada, Polsha, Qozog‘iston kabi davlatlarda ta’lim olayotgan va mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan 100 nafarga yaqin yoshlar ishtirok etdi. Tadbir davomida 20 ga yaqin masala va takliflar bildirildi.

Murojaatlar, asosan, mehnat faoliyatini rasmiylashtirishdagi qiyinchiliklar, ishga joylashish imkoniyatlari, imtiyozli kreditlardan foydalanish, migratsiya jarayonidagi huquqiy masalalar va davlat tomonidan taqdim etilayotgan xizmatlar yuzasidan bo‘ldi. Shuningdek, xorijda bilim va tajriba to‘playotgan yoshlar uchun yurtimizda munosib ish o‘rinlarini yaratish borasidagi takliflar ham bildirildi.

Bildirilgan murojaatlardan 8 tasiga muloqot davomida yechim topildi. Qolgan masalalar bo‘yicha esa tegishli tashkilotlarga topshiriqlar berildi va nazoratga olindi.

Sirdaryo viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Mirqodir Sa’dullayevning ta’kidlashicha, mazkur muloqot yoshlarning fikrini eshitish, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda davlat dasturlari va imkoniyatlaridan xabardor qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

– Xorijdagi yoshlarimizning bilim va tajribasini yurtimiz taraqqiyotiga yo‘naltirishni maqsad qilganmiz. Ular qaysi sohalarda qiyinchilikka duch kelayotganini bilib, shu asosda yechim topish ustuvor vazifamizdir, – deydi boshqarma rahbari.

Mazkur onlayn muloqot samarali va oshkora tarzda o‘tdi. Yoshlar bilan bunday muloqotlarning muntazam tashkil etilishi, ularning davlat va jamiyat bilan uzluksiz aloqada bo‘lishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri