English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Migratsiya sohasiga xususiy sektor kengroq jalb qilinadi
15:56 / 2025-06-04

Qonun loyihasiga sharh

Xorijda mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, xorijda hujjatsiz qolib ketgan fuqarolarimizga Vatanga qaytish guvohnomasi va pasportlar rasmiylashtirish, konsullik ro‘yxatiga olish, O‘zbekistondan hujjatlar so‘rab olish, doimiy yashashga ruxsatnoma rasmiylashtirish, sudlanmaganlik haqida ma’lumotnoma olish, haydovchilik guvohnomalarini almashtirish bo‘yicha muayyan ishlar bajarilgan.

Ta’kidlash lozim, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida migratsiya sohasida davlat boshqaruvi tizimi takomillashtirilib, ushbu sohadagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi. Jumladan, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tugatilib, Vazirlar Mahkamasi huzurida Migratsiya agentligi tashkil etildi. Shuningdek, fuqarolarni xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun tashkiliy tarzda yuborish sohasida xususiy sektorning ishtiroki kengaytirildi.

Endilikda migratsiya jarayonlarini boshqarish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash, litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish borasida vakolatli organ etib belgilanmoqda. Shuningdek, Migratsiya agentligiga xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun ma’muriy ta’sir choralarini qo‘llash vakolati berilmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarni ish beruvchidan yoki buyurtmachidan undirish tartibi bekor qilinmoqda. O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslardan O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlar uchun haq undirish bo‘yicha taqiq olib tashlanmoqda.

Shu bilan birga, xususiy bandlik agentliklariga xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan fuqarolarni kasb-hunarga va chet tillariga o‘qitish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish hamda ushbu jarayonga hamkor xorijiy ish beruvchilarni jalb qilish huquqini berish nazarda tutilmoqda. Xususiy bandlik agentliklari tomonidan litsenziya olish uchun zaxira qilinishi lozim bo‘lgan mablag‘lar miqdorini kamaytirish taklif etilmoqda.  

Qonun loyihasidagi normalar xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlarini himoya qilishga, migratsiya sohasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, sohaga xususiy sektorni yanada kengroq jalb qilish hamda ko‘rsatiladigan xizmatlarni raqamlashtirishga xizmat qiladi.

Muhtarama Komilova,

O‘zA