Poytaxtimizda “Mehnat migratsiyasi bo‘yicha xalqaro forum-2022” boshlandi.
Anjumanda 20 ga yaqin xalqaro tashkilot, 100 ga yaqin xorijiy salohiyatli ish beruvchi, xalqaro ekspertlar ishtirok etib, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining imkoniyati, o‘zbekistonlik mehnat migrantlari huquqi va manfaatini himoya qilish borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumotga ega bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov forumda ishtirok etib, bu borada tizimda olib borilayotgan ishlarga qisqacha to‘xtaldi:
- Keyinggi yillarda aholi bandligi, mehnat munosabati, mehnat bozori uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlash borasida O‘zbekiston tarixida misli ko‘rilmagan tub o‘zgarishlar amalga oshirilib, sohaga oid qator qonunlar, huquqiy hujjatlar imzolandi. Ushbu qonun hujjatlari orqali nafaqat O‘zbekistonda, balki xorijda mehnat faoliyatini olib boruvchi fuqarolarga imtiyozlar yaratilli, huquq va majburiyat bo‘yicha aniq vazifalar, tegishli mexanizmlar belgilandi.
Ta’kidlash joiz, siyosiy ahamiyatga ega bo‘lgan migratsiya sohasidagi asosiy talablardan biri xalqaro mehnat bozoriga kasb-hunarga ega malakali kadrlar yetkazishdir. Biz ichki va tashqi mehnat bozorida malakali, raqobatbardosh ishchi kuchiga talab ortib borayotganini inobatga olib, xalqaro andoza asosida migrantlar uchun dasturlar ishlab chiqdik. bugungi kunda Mehnat vazirligi tizimida 17 ta “Ishga marhamat” monomarkazi, 56 ta kasb-hunarga o‘qitish markazi, 479 ta mahalla kasb-hunarga o‘qitish maskani tashkil etilgan. 2022 yil boshidan xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini olib borish istagida bo‘lgan 46,8 ming nafardan ortiq fuqaro kasb-hunar va chet tillariga o‘qishga jalb qilindi. Ilk bor xorijiy ish beruvchilar bilan O‘zbekiston fuqarolarini Yevropa davlatlariga, xususan, Serbiya va Buyuk Britaniyaga qishloq xo‘jaligi sohasidagi mavsumiy ishga, Germaniyaga turli sohalarga jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
bugungi xalqaro forum sohada erishilgan muvafaqiyatlardan motivatsiya olish, kamchiliklarni bartaraf etish hamda innovatsion takliflarni yuzaga chiqarish uchun samimiy va do‘stona muloqot maydoniga aylanadi, - dedi vazir.
O‘zA muxbiri
Go‘zal Sattorova
yozib oldi.