Migrantlarning himoyaga muhtoj toifalari, shu jumladan, xotin-qizlarga alohida e’tibor qaratish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Chunki tizim samaradorligi unda himoyaga muhtoj guruhlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan belgilanadi.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligining O‘zbekistondagi Huquqiy islohotlar dasturi hamkorligida “O‘zbekistonning migratsiya siyosatini gender jihatlarni inobatga olgan holda takomillashtirish” mavzusidagi tadqiqot natijalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda akademik hamjamiyat, davlat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari hamda fuqarolik jamiyati vakillari, shuningdek, soha ekspertlari ishtirok etdi, deyiladi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi Axborot xizmati ma’lumotida.
Davra suhbati davomida O‘zbekistonda migratsiya bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari muhokama qilindi. Xususan, migratsiya masalalariga oid xalqaro hujjatlarda gender jihatlarni inobatga olish prinsipi, migrantlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha O‘zbekiston milliy qonunchiligi, mamlakatda ekologik, mehnat va ta’lim migratsiyasining gender jihatlari, shuningdek, migratsiya siyosatini monitoring qilish mexanizmi masalalari ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlandiki, tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonning migratsiya siyosatini yanada takomillashtirishda jarayonlarga ta’sir etuvchi barcha xavf va omillarni inobatga olish muhim.
Tadbir yakunida mazkur tadqiqot natijalari tahlilidan kelib chiqqan holda, mamlakatda migratsiya siyosatini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.
Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA