Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Migratsiya masalalari muhokama qilindi
16:20 / 2025-06-26

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish  masalalari bo‘yicha ishchi guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda Rossiya IIV Migratsiya masalalari bo‘yicha bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, politsiya general-mayori Vitaliy Yakovlev va O‘zbekiston Respublikasi IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi  boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, polkovnik Shuhrat Xo‘jayev ishtirok etdi.

Tomonlar ikki mamlakatdagi migratsiya bilan bog‘liq holat, migratsiya qonunchiligiga kiritilgan va kiritilishi rejalashtirilayotgan o‘zgarishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi. 

Rossiya Federatsiyasida bo‘lish muddatini buzgan chet el fuqarolarining huquqiy maqomini tartibga solish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Rossiya delegatsiyasi vakillari o‘zbekistonlik hamkasblarini bu borada aholi o‘rtasida axborot-targ‘ibot ishlarini  kuchaytirishga chaqirdi. 

Migratsiya  qonunchiligini buzgan holda Rossiya hududida bo‘lib turgan chet el fuqarolari 10 sentyabrga qadar o‘z maqomini tartibga solishi mumkinligi  qayd etildi. 

Muzokaralar chog‘ida tomonlar chet el fuqarolariga nisbatan migratsiya nazoratini amalga oshirish, shu jumladan,  Davlatlararo  axborot bankini o‘z vaqtida va  sifatli to‘ldirish yuzasidan fikr almashdi.

Ishchi guruhining keyingi qo‘shma yig‘ilishi 2026 yilda O‘zbekistonda o‘tkazilishi  rejalashtirilgan.

Aziza Alimova tayyorladi, O‘zA.