Ma’lumki, joriy yil 15 yanvar kuni davlatimiz rahbari ishtirokida o‘tkazilgan Tashqi ishlar vazirligi hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida, jumladan, fuqarolarimizni xorijda qonuniy va yuqori daromadli ish bilan ta’minlash, tartibli mehnat migratsiyasi geografiyasi kengaytirish, hamyurtlarimizning huquqi va manfaatini himoya qilish borasida aniq taklif, tavsiyalar berildi.
Ayni vazifalar ijrosi doirasida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining Koreyadagi vakolatxonasi tomonidan ushbu mamlakatda vaqtincha mehnat faoliyatini olib borayotgan yurtdoshlarimiz uchun profilaktik-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Yig‘inda O‘zbekiston Respublikasi Musulmonlar idorasi vakillari ham onlayn formatda ishtirok etib, xorijda bo‘lib turgan fuqarolarimiz turli yot g‘oya va zararli oqimlarga kirib qolmasligi, milliy va ma’naviy qadriyatlarga sodiq qolishi, shuningdek qonuniy va tinch mehnat faoliyatini olib borish masalalari yuzasidan ma’ruza qildi.

Ishtirokchilarga Koreyaning migratsiya qonun-qoidalari, mehnat huquqi va majburiyati, ish joyida qonunga xilof holatlarga duch kelganda qanday yo‘l tutish lozimligi yuzasidan tushuntirish berildi.
Koreyada mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz bunday uchrashuv va muloqotlar juda manfaatli ekani, chet elda bo‘lsalar-da davlatimiz e’tibori va g‘amxo‘rligini mudom his etib turishlarini alohida ta’kidladilar.
Bundan tashqari, tadbirda xorijda ishlayotgan va ishlashni rejalashtirayotgan fuqarolar uchun O‘zbekistonda mavjud imtiyozlar, qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari hamda davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar haqida ham batafsil ma’lumot berildi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA