Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Migrantlar uchun tibbiy ko‘rik
16:41 / 2024-07-16

Mamlakatimizda fuqarolarni chet elga tartibli va xavfsiz jo‘natish bo‘yicha muayyan ishlar qilinmoqda. So‘nggi ikki yilda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan 70 ming kishi chet elga yuborilgan.

Davlatimiz rahbari shu yil aprel oyida bu sohada fuqarolarga qulayliklar yaratish, mehnat migratsiyasidan qaytgan shaxslarning bandligini ta’minlash, sog‘ligini tiklash bo‘yicha muhim vazifalarni belgilab berdi. Shu bois mehnat migratsiyasi tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, tibbiy muassasalar migrantlar va migratsiyadan qaytgan shaxslarni, ularning oila a’zolarini bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadi. “Inson” markazlari tomonidan ota-onasi xorijda mehnat qilayotgan bolalarga ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi.

Tashqi migratsiyadagi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarni o‘rganish va hal etish, ish bilan ta’minlash, shuningdek, boshqa masalalarni hal qilish maqsadida Respublika, viloyat va tumanlar kesimida shtablar tashkil etilgan. Mazkur shtablar tomonidan aholi “Mahalla yettiligi” ishtirokida xatlovdan o‘tkazildi.

– Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi mutaxassislari ham shtabda o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha kerakli topshiriqlarni vaqtida olib, kunlik tibbiy ko‘rik ishlarini olib bordi, – deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mutaxassisi Muhammadbek Ma’murov.  –Viloyat bo‘yicha jami 4426 nafar migrant qaytib kelgan. Shundan 2743 nafari yashash joylaridagi poliklinikalarda tibbiy ko‘riklardan o‘tkazildi. 1585 nafari esa qayd etilgan yashash manzilida turmasligi, qisqa vaqtga kelib-ketganligi aniqlandi. Mahalla fuqarolar yig‘ini bilan birgalikda bu haqda dalolatnoma tuzildi. Ularni ham qo‘shganda 97 foiz migratsiyadan qaytgan fuqarolar tibbiy ko‘riklar jarayoniga qamrab olingan.

Zarif Komilov,  

O‘zA muxbiri