“CAEx Uzbekistan” ko‘rgazmalar majmuasida “Eco Expo Central Asia 2025” xalqaro ekologik texnologiyalar ko‘rgazmasi davom etmoqda.
Ko‘rgazma doirasida “Migrantlar oilalaridagi ayollar salohiyatini kengaytirish va barqarorlikni oshirish: O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishiga gender nuqtai nazaridan moslashuv” mavzusida parallel tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi ko‘magida tashkil etildi.

Tadbirda iqlimiy moslashuvga oid siyosat va dasturlarda barqaror, inklyuziv va genderga sezgir yondashuvlarni ishlab chiqish zarurligi muhokama qilindi. Ayniqsa, iqlim xavfi ostida qolgan hududlarda, oilaning asosiy boquvchisi chetga ishlashga ketgan holatlarda yordam va qaror qabul qilish imkoniyatidan mahrum ayollar muammolariga alohida e’tibor qaratildi.
–Ayollar qishloq joylari va iqlimiy jihatdan zaif hududlarda uy xo‘jaliklarining barqarorligini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov. – Ammo axborot, resurslar va qarorlar qabul qilish jarayonlariga kirish imkonisiz ularning salohiyati to‘liq ro‘yobga chiqmayapti. Ayollar faqat ishtirokchi emas, balki iqlimga oid qarorlar chiqarishda yetakchi omilga aylanishi kerak.

Tadbir davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Qashqadaryo viloyatlarida amalga oshirilayotgan muvaffaqiyatli tajribalar muhokama qilindi. Bu hududlarda ayollarga ta’lim, grantlar va zarur vositalar orqali tabiiy resurslarni boshqarish va “yashil” iqtisodiyotda faol ishtirok etish imkoniyatlari yaratilmoqda. Gender tengligi, ayollarning iqtisodiy mustaqilligi va liderlik salohiyatini oshirish masalalari ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi.
Sessiya yakunida iqlim o‘zgarishlari sharoitida ayollarning resurslar, imkoniyatlar va qarorlar qabul qilish mexanizmlariga teng kirishini ta’minlaydigan tarmoqlararo va xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga chaqiruv yangradi. Ayniqsa, migratsion jihatdan zaif jamoalardagi ayollarni qo‘llab-quvvatlash barqarorlik va ijobiy o‘zgarishlarning harakatlantiruvchi kuchi sifatida e’tirof etildi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA