Joriy yil 1-martdan boshlab Gabriela Popesku “Microsoft” kompaniyasining Ruminiya, Moldova va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy rahbari lavozimiga kirishdi. U huquq, biznes va texnologiyalar bo‘yicha tajribasi, shuningdek korporativ muvofiqlik sohasidagi bilimlari bilan tanilgan mutaxassis hisoblanadi.
Popesku 2017-yildan buyon Ruminiyada faoliyat yuritib kelgan va so‘nggi vaqtlarda Markaziy Yevropa bo‘yicha korporativ, tashqi va huquqiy masalalar rahbari hamda kompaniyaning vaqtinchalik bosh menejeri vazifalarini bajargan.
Ta’kidlanishicha, yangi lavozimida u Markaziy Osiyo davlatlarida raqamli transformatsiyani yanada rivojlantirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini mas’uliyatli joriy etishga e’tibor qaratadi.
– Raqamli transformatsiya faqat texnologiya emas, balki ishonch, bilim va uzoq muddatli hamkorlikka tayanadi, -deydi Popesku. – Shu bois “Microsoft” mintaqada davlat xizmatlari, ta’lim, sog‘liqni saqlash va milliy barqarorlik sohalarida raqamli yechimlarni joriy etishni kengaytirishni rejalashtirmoqda.
Kompaniya shuningdek, sun’iy intellektni xavfsiz va mas’uliyatli qo‘llash, ma’lumotlar muhofazasi va kiberxavfsizlikni ta’minlash, mahalliy innovatsiya muhitini rivojlantirish hamda raqamli ko‘nikmalarni oshirish kabi yo‘nalishlarda Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikni kuchaytirish niyatida.
Musulmon Ziyo, O‘zA