Microsoft kompaniyasi videoo‘yinlar ishlab chiqaruvchi dunyodagi eng yirik kompaniyalardan biri bo‘lgan Activision Blizzardni sotib olish rejasini ma’lum qildi.
Xarid narxi 68,7 milliard dollar, deyilmoqda. "Bugun Microsoft kompaniyasi Activision Blizzardni sotib olish rejasini e’lon qildi. Activision Blizzard o‘yinlar ishlab chiqarish va interaktivli ko‘ngilochar kontentlarni nashr qilish sohasida yetakchi hisoblanadi", — deyiladi kompaniya tarqatgan ma’lumotda.
Microsoft har bir aksiya uchun 95 dollar to‘lab, xaridni 2023 moliyaviy yilda tugallashni mo‘ljallamoqda. Kutilishicha, shundan keyin Microsoft o‘yinlar ishlab chiqaruvchi kompaniyalar orasida daromad olish bo‘yicha Tencent va Sony dan keyingi dunyodagi uchinchi yirik kompaniyaga aylanadi. Activision Blizzard biznesiga Microsoft Gaming bosh direktori Fil Spenser rahbarlik qiladi.
Xarid kelishuviga Activision, Blizzard va King, shuningdek, Warcraft, Diablo, Overwatch, Call of Duty va Candy Crush studiyalari kiritiladi. Mazkur xabar tarqalgandan keyin Activision Blizzard aksiyalari qiymati taxminan uchdan birga qimmatlashib ketdi.