English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Microsoft” kompaniyasi Ambassadori bo‘lishga muvaffaq bo‘lgan o‘zbek qizi
15:44 / 2024-10-17

Yosh bo‘lishiga qaramasdan o‘z hayot yo‘lini mamnuniyat bilan bosib o‘tayotgan, tobora kamolot sari intilayotgan Dilafro‘z Jo‘raboyeva allaqachon o‘zining kelgusi rejalarini aniq belgilab olgan.

“Ibrat” ruknining bugungi qahramoni Dilafro‘z Jo‘raboyeva Farg‘ona viloyatidagi 10-maktabning 11-sinf o‘quvchisi. U IT sohasida juda muvaffaqiyatli  ishlarni amalga oshirib kelayotgan qizlardan. Ayni damda u maktab o‘quvchisi bo‘lishiga qaramasdan turli xalqaro kompaniyalarda frilanser sifatida faoliyat olib boradi.  

Dilafro‘z “Microsoft” kompaniyasining yoshlarga mo‘ljallangan “Microsoft Learn Student” Ambassadori bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi. Endilikda u “Microsoft” kompaniyasining O‘zbekistondagi yuzi sifatida faoliyat olib borib, o‘zbekistonlik yoshlarni  IT yo‘nalishiga jalb qilishga hissa qo‘shadi.  

– Yoshlik davri inson kelajagini hal qiluvchi davr, deb atalishi bejiz emas, – deydi Dilafro‘z biz bilan suhbatda. – Xalqaro ekspert Robert Eriksonning aytishicha, ayollar an’anaviy ravishda uy-ro‘zg‘or ishlari uchun erkaklardan ko‘ra ko‘proq mas’uldir. Ayollarning o‘qimishli ekani oila turmush tarzi uchun erkakning ta’limidan ko‘ra ko‘proq ahamiyatli. Aslida Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida joylashgan olis qishloqlardan birida tavallud topganman. Boshlang‘ich sinfda o‘qib yurgan kezlarim birinchi chorak  baholarim juda past chiqqan. Shunda ota-onam meni katta shaharda joylashgan maktablarda o‘qitishga qaror qilishgan. Dadam – usta, onam – uy bekasi. Oilamiz daromadi katta bo‘lmagan. Lekin ota-onam mening ta’lim olishim, narxi baland kurslarda o‘qib, o‘z ustimda ishlashim uchun barcha sharoitlarni yaratib bergan. Onam kechalari uxlamasdan men bilan birga dars tayyorlardi. Hatto men bilan birgalikda IT yo‘nalishini ancha-muncha o‘zlashtirib olgan.  

Mamlakatimizda har yili o‘rta maktablarni yuzlab iqtidorli, orzulari bir olam bo‘lgan o‘quvchi qizlar bitiradi. Bilasizmi, qizlar uchun eng katta rag‘bat ota-onaning ishonchi va qo‘llab-quvvatlashidir. Oilasidan ruhan kuch olgan har bir qiz yuksak marralarni zabt eta oladi.  

“Microsoft Learn Student” dasturi yoshlarga rivojlanish uchun keng imkoniyatlarni taqdim etadi. Ambassador bo‘lish orqali Dilafro‘z texnologiya sohasida bilim va tajribasini oshiradi. Ushbu dastur kompaniyaning yoshlarga mo‘ljallangan loyihasi bo‘lib, u kompaniyaning butun dunyo bo‘ylab texnologiya sohasida bilimli, faol va intiluvchan yoshlarini saralab oladi.  

– Ushbu loyihaga topshirishim ham, kirishim ham oson kechmadi, –deydi Dilafro‘z. – Texnik tomondan bilimlarim yaxshi bo‘lgani uchun meni nominatsiyaga qo‘yishdi. Bir yil davomida kompaniya tomonidan berilgan turli shartlar va topshiriqlarni a’lo darajada bajarish talab etildi. Shulardan biri sun’iy intellekt texnologiyasi bo‘yicha berilgan 30 ta moduldan iborat dars va topshiriqlar bo‘ldi. “Microsoft” kompaniyasi bilan kechgan ilk suhbatimiz omadsiz yakun topgan. Imtihondan o‘ta olmaganim meni umidsizlikka tushirmagan, aksincha men yanada ko‘proq harakat qilganman.  

Bundan tashqari Ambassadorlar uchun Amerikaga viza olish va sayohat qilish imkoniyati yaratiladi. Talaba tomonidan yoshlar uchun o‘tkaziladigan tadbirlarga homiylik beriladi. Ayni damda Dilafro‘z Yandex bo‘yicha o‘qish va stajirovkaga topshirgan. Sinovlardan yaxshi o‘tsa, Yandexning katta loyihalariga qo‘shilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.  

Joriy yilda Dilafro‘z IT-Star tanlovida ishtirok etib, O‘zbekistondagi eng yaxshi va faol IT sohasidagi 46 nafar xotin-qiz qatoridan joy olgan. ICT4 Girls olimpiadasining O‘zbekistondagi “Competitive Programmer”, ya’ni sport sohasidagi dasturchi qizlar olimpiadasida ishtirok etib, O‘zbekistondagi TOP-12 ta sport dasturchi qizlar jamoasiga qo‘shilgan.  

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA