Mamlakatimizda qulay investitsiya muhiti natijasida xorijiy biznesmenlarning yurtimizga sarmoya kiritishga bo‘lgan qiziqishlari ortib bormoqda. Qolaversa, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, buzilgan huquqlarini tiklash doimiy e’tibor markazida bo‘lib keladi.
Yaqinda Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Namangan viloyati boshqarmasining Davlatobod tumani bo‘limi tomonidan olib borilgan ijro harakatlari davomida xorijiy kompaniyaga salkam 52 ming AQSH dollari miqdoridagi qarzdorlik undirib berildi.
Aniqlanishicha, viloyat iqtisodiy sudining ijro varaqasiga asosan qarzdor jamiyatdan haqdor tomon – Turkiyaning “Lgm dis tigarat parazlama ltd.sti” kompaniyasi foydasiga jami 51 ming 645 dollar undirib berish ko‘rsatib o‘tilgan.
– Ijro hujjati Byuro ish yurituviga olinib, qaror qabul qilingan va taraflarga yuborilgan, – deydi MIB Davlatobod tumani bo‘limi davlat ijrochisi Ixtiyor Ibrohimov. – Ish majburiy harakatga, ya’ni, qarzdor jamiyatga tegishli, “Orzu” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan tikuvchilik mahsulotlarni ishlab chiqarishga mo‘ljallangan bino va inshootlarga qaratiladi.
Xatlangan bino va inshootlar baholanib, elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi orqali sotuvga chiqarildi. O‘z o‘rnida majburiyatni tushungan qarzdor tashkilot bino-inshootlarni realizatsiya qilish jarayonida qarzdorlikni bartaraf etdi. Bo‘lim tomonidan turk kompaniyasiga sud qaroridagi summa undirib berilishi ta’minlandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA