Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
MIB xabarlari – qisqa satrlarda
13:52 / 2022-08-08

Bolalar ona tarbiyasiga qaytarildi

Nizoli vaziyatlar, ya’ni bolalarni otasi yoki onasiga olib berish kabi hujjatlar ijrosini ta’minlashga Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi organlari alohida e’tibor qaratmoqda. Mazkur toifadagi hujjatlar ijrosini ta’minlashda eng avvalo, oilalarni yarashtirish, arosatda qolayotgan farzandlarni ota-ona tarbiyalashi keng tushuntirilmoqda.

Namangan viloyatining Uychi tumanida yashovchi fuqaro A.I. oilaviy kelishmovchilik sababli turmush o‘rtog‘i Sh.I. bilan ajrashib ketadi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchqo‘rg‘on tumanlararo sudining 2022 yil 16 fevraldagi qaroriga asosan ikki nafar voyaga yetmagan farzandni ona tarbiyasiga olib berish ko‘rsatib o‘tilgan.

MIB tomonidan 2009 va 2012 yilda tug‘ilgan bolalarni onasi tarbiyasiga olib berish to‘g‘risidagi ijro hujjati yuzasidan ijro harakatlari olib borildi. Davlat ijrochisi tomonidan qarzdorga bolani onasiga ixtiyoriy ravishda topshirish to‘g‘risida ogohlantirish xati yuborilgan bo‘lsa-da, qarzdor farzandlarni onasiga topshirmagan. O‘z o‘rnida bir necha bor turli sudning qarori bilan ijro hujjatlari vaqtincha to‘xtatib turilgan. Ish yurituv davom etgandan so‘ng yaqinda bo‘lim binosida bolalarni ona tarbiyasiga olib berish bo‘yicha majburiy harakatlar olib borildi. Buning natijasida MIB mas’ul xodimi tomonidan tegishli idora vakillari va xolislar ishtirokida bolalar ona tarbiyaga qaytarildi.

15,2 milliard so‘m zarar undirib berildi

MIB tomonidan 2022 yilning o‘tgan davrida olib borilgan ijro harakatlari davomida 549 ta ijro hujjati bo‘yicha jami 15 milliard 200 million so‘m undirib berildi.

Byuroning Uychi tuman bo‘limi ish yurituvida fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchqo‘rg‘on tumanlararo sudining hal qiluv qaroriga ko‘ra da’vogar Sayfiddin Akbarovga javobgar Otabek Madrahimov va boshqalardan 110 million 780 ming so‘m qarz undirish ko‘rsatib o‘tilgan.

Amaldagi tartibga ko‘ra javobgarlarga qarzdorlikni to‘lab qo‘yishligi uchun ixtiyoriy muddat berilgan. Biroq bunga mas’uliyatsizlik bilan qaralib, qarzdorlik 15 kunlik muddatda qoplanmadi. O‘z o‘rnida davlat ijrochisi tomonidan tegishli tashkilotlarga javobgarga tegishli mol-mulklar, transport vositalari bor-yo‘qligi yuzasidan so‘rov yuboriladi. Olingan ma’lumotlarga ko‘ra qarzdor nomida yengil avtotransport borligi aniqlanadi. Olib borilgan majburiy harakatlar davomida mazkur transport vositasi xatlanib, hozirda realizatsiya qilish choralari ko‘rilmoqda.

Ota o‘z farzandlari uchun 115 million so‘m to‘ladi

MIB Namangan shahar bo‘limi tomonidan yana bir aliment bilan bog‘liq hujjat ijrosi to‘liq ta’minlandi. Bunga qarzdor ota ikki nafar bolasi voyaga yetgunga qadar hisoblangan summani to‘liq to‘lab bergani asos bo‘ldi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan tumanlararo sud buyrug‘iga asosan qarzdor B.A.dan undiruvchi M.Q. foydasiga ikki nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish belgilangan.

B.A. bolalari katta bo‘lguniga qadar aliment pullarini oldindan bir yo‘la to‘lab berish maqsadida davlat ijrochisiga murojaat qilgan. Uning murojaati qondirilib, qarzdorning farzandlari to 18 yoshga kirgunigacha hisoblangan 115 million so‘m pul undiruvchiga to‘lab berildi.

 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA