Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Sirdaryo viloyat boshqarmasi xodimlari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda mazkur yilning o‘tgan 9 oyi mobaynida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi.
Ta’kidlanganidek, joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida 85 655 ta bir trillion 437 milliard so‘mlik hajmdagi hujjatlarning ijrosi ta’minlanib, buning natijasida 558 milliard so‘m pul mablag‘larining undirilishi ta’minlandi. Shundan, davlat byudjetiga 258 milliard so‘m pul mablag‘i undirilishiga erishildi.
Soliq qarzdorligini qisqartirish yuzasidan tasdiqlangan reja-grafik asosida olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida 225 milliard so‘m pul mablag‘i undirilib, Sudlar hamda vakolatli organlarning qarorlari asosida davlat foydasiga undirilgan jarimalar miqdori 13 milliard so‘mni tashkil etdi. Shulardan, 4,6 milliard so‘m miqdoridagi jarimalar esa yo‘l harakati xavfsizligi organlarining hissasiga to‘g‘ri keladi.
Davlat daromadiga o‘tkazilishi belgilangan mol-mulklarning ijrosi bilan bog‘liq ijro hujjatlari bo‘yicha 623 million so‘mlik mol-mulklar va valyuta mablag‘larining davlat daromadiga o‘tkazilishi ta’minlangan. Shuningdek, tijorat banklari foydasiga undiruv bilan bog‘liq ijro hujjatlari bo‘yicha olib borilgan ishlar natijasida bankning 148 milliard so‘m miqdoridagi kredit qarzdorligi undirilgan.
Jismoniy va yuridik shaxslar foydasiga undiruvlarni nazarda tutuvchi ijro hujjatlariga asosan amalda 300 milliard so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari undirilgan bo‘lsa, shularning 6,5 milliard so‘mdan ziyod qarzdorlikning tadbirkorlik sub’ektlari foydasiga undirilganligi ham e’tiborlidir. Undirilgan mablag‘larning 16,5 milliard so‘mi “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun yo‘naltirilgan.
O‘tgan davrda Majburiy ijro byurosi Sirdaryo viloyat boshqarmasi tomonidan olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida 553 oilaning qayta tiklanishiga erishildi. Aliment undirish hamda ishsiz aliment to‘lovchilarni ish bilan ta’minlashga qaratilgan ishlar natijasida yil boshidan viloyatda jami 2 363 nafar fuqaro doimiy va mavsumiy ishga joylashtirildi.
– Aliment undiruvi bilan bog‘liq ijro ishlari bo‘yicha bo‘yicha 9 238 nafar bolaning ta’minoti uchun 8 339 nafar qarzdordan davriy to‘lovlar yuzasidan ijro harakatlari olib borilmoqda, – deydi MIB Sirdaryo viloyat boshqarmasi boshlig‘i v.b. F.Babatayev. – MIB tomonidan viloyatdagi ehtiyojmand oilalar uchun 16,5 millliard so‘m miqdorida pul o‘tkazib berildi. Voyaga yetmaganlarning aliment pullarini hisoblash va to‘lash borasida avtomatlashtirilgan tizim yo‘lga qo‘yilib, aliment ijro hujjatlari bo‘yicha “MIB-portal” dasturiy ta’minoti orqali undirilgan mablag‘larni onlayn ravishda kuzatib borish imkoniyati joriy etildi.
Tadbirda ishtirok etgan ommaviy axborot vositalari tomonidan berilgan savollarga soha xodimlari tomonidan atroflicha javob berildi.
Shuhrat Suyarov, Furqat Toshmatov(foto), O‘zA