Andijonda O‘zekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan brifing o‘tkazildi.
Majburiy ijro byurosi Andijon viloyati boshqarmasi mas’ullari, viloyatdagi bosma va elektron ommaviy axborot vositalari vakillari, matbuot xizmatlari rahbarlari ishtirokida tashkil etilgan brifingda boshqarma boshlig‘i Otabek Salmanov joriy yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha ma’lumot berdi.
– Joriy yilning o‘tgan 5 oyi davomida boshqarmamiz, tuman, shahar bo‘limlarimiz tomonidan katta hajmdagi ishlar amalga oshirildi, – deydi boshqarma boshlig‘i Otabek Salmanov. – Umumiy qiymati 1,1 trillion so‘mga teng 78 ming 830 ta ijro hujjatlarining ijrosi tamomlandi. Jumladan, 221,5 milliard so‘m davlat, 194 milliard so‘m xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va 15,7 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘ fuqarolar foydasiga undirildi.
Belgilangan tartibga ko‘ra, undirilgan aliment pullari aliment oluvchi fuqarolar nomiga ochilgan plastik kartalar orqali aylanishi nazoratga olindi. Joriy yilning 1 iyun holatiga 30 ming 788 nafar aliment oluvchi fuqarodan 30 ming 9 nafariga bank plastik kartasi ochilib, 18,9 milliard so‘m aliment pullarining o‘tkazib berilishi ta’minlandi.
Aliment to‘lovlari bo‘yicha olib borilgan tadbirlar natijasida joriy yilning yanvar-may oylarida 3 ming 520 ta oila yarashtirilib, aliment to‘lovchi 911 nafar ota ishga joylashtirilgan.
Aliment to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab kelgan 613 nafar qarzdorga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ko‘rib chiqish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlariga yuborildi.
Yangi tizim asosida o‘tgan davr mobaynida davlat foydasiga undiruvlarning muayyan qismini “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” ga kiritilgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash uchun yo‘naltirish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Shu asosda ijro hujjatlari bo‘yicha 27,9 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘ ijtimoiy himoya bandiga olinib, maxsus daftarlarga kiritilgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘tkazildi.
Joriy yilning o‘tgan besh oyi davomida majburiy ijro byurosi idoralariga jami 6 ming 394 ta murojaat kelib tushgan. Murojaatlarning 5 ming 795 tasi yoki 90,6 foizi hal etildi. Ya’ni ularning 2 ming 650 tasi qanoatlantirildi, 3 ming 145 tasiga huquqiy tushuntirishlar berildi.
Qanoatlantirilgan murojaatlar bo‘yicha huquqlari tiklangan shaxslar foydasiga sud hujjatlari ijrosi bo‘yicha 4,3 milliard so‘m mablag‘ undirildi.
Shuningdek, brifingda fuqarolarning huquqiy bilimlarini oshirish, Byuro faoliyatini targ‘ib etish yuzasidan olib borilayotgan ishlar bo‘yicha ham ma’lumotlar berildi.
Yakunda boshqarma boshlig‘i Otabek Salmanov brifing ishtirokchilari – matbuot va ommaviy axborot vositalari vakillarini yaqinlashib kelayotgan kasb bayramlari bilan muborakbod etdi. MIB faolyatini yoritishda yaqin hamkorlik qilib kelayotgan bir guruh jurnalistlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
[gallery-7721]
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA