Mamlakatimizda inson huquq va manfaatlari davlatimiz tomonidan qonuniy himoya qilib kelinmoqda. Konstitutsiyamizda har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash, mehnatiga yarasha ish haqi olish va qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga ega ekanligi alohida ta’kidlangan.
Biroq mehnat munosabatlarida ish beruvchi tomonidan xodim ishlagan davri uchun ish haqi noto‘g‘ri hisoblanishi yoki umuman ish haqi o‘z vaqtida to‘lanmasligi hollari tez-tez uchrab turadi.
Xususan, Majburiy ijro byurosi Farg‘ona viloyat boshqarmasi tomonidan ish haqini undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatlarining ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash, ayniqsa, fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Misol uchun, fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudining ijro varaqalariga asosan “RTTYMFVF” DMdan 8 nafar fuqaro foydasiga jami 25 mln. so‘mlik ish haqi undirish haqidagi ijro hujjatlari yuzasidan Byuroning Farg‘ona shahar bo‘limi tomonidan ijro harakatlari olib borildi.
Majburiy ijro byurosi axborot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur ijro hujjati darhol ijro qilinishi lozimligi sababli, olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida ish haqi to‘liq undirilishi ta’minlanib, 8 nafar fuqaroning huquqlari tiklanishiga erishildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA