Muqaddas Ramazon oyi — inson qalbini poklovchi, jamiyatda mehr-shafqat va hamjihatlikni qaror toptiradigan ulug‘ ayyom.
Bu oy davomida bag‘rikenglik, saxovat va insof kabi yuksak fazilatlar yanada yaqqol namoyon bo‘lib, keksalar holidan xabar olish va ehtiyojmandlarga yordam qo‘lini cho‘zish kabi ezgu ishlar an’anaviy tus oladi. Ana shunday xayrli tashabbuslardan biri Farg‘ona viloyati Beshariq tumanida amalga oshirildi.

Majburiy ijro byurosi tomonidan tashkil etilgan fayzli iftorlik marosimida tumanning 57 ta mahallasidan tashrif buyurgan fuqarolar va nuroniylar bir dasturxon atrofida jam bo‘ldi.
Samimiy muloqot va do‘stona ruhda o‘tgan tadbir davomida Ramazon oyi insonni shukr va qanoatga undashi, qalblarni yaqinlashtirib, jamiyatda birdamlik ruhini mustahkamlashi alohida ta’kidlandi.

Marosim yakunida nuroniylar va mahalla faollari tomonidan yurtimiz tinchligi, osoyishtaligi hamda farovon hayotimiz bardavom bo‘lishini tilab xayrli duolar qilindi.
Bu kabi tadbirlar xalqimiz orasidagi mehr-oqibat rishtalarini yanada bog‘lash va bag‘rikenglik tamoyillarini ulug‘lashga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.
Hamroz Bayonov, O‘zA