English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
MIB tadbirkorning yirik miqdordagi qarzini undirib berdi
17:28 / 2023-05-18

Toshkent shahridagi “SANRUH-SERVIS” mas’uliyati cheklangan jamiyati "PFK SURXON" mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan tegishli shartnoma tuzib, unda ko‘rsatilgan 650 million so‘mlik mahsulotni belgilangan muddatda yetkazib bergan. Biroq, tadbirkorga mahsulot uchun to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilmagan.

Masala yechim topishini qariyb bir yarim yil kutgan tadbirkor qarzni undirish uchun buyurtmachisidan foyda chiqmasligiga ko‘zi yetgach, tegishli tartibda sudga murojaat etgan. Uning da’vo arizasi Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida ko‘rib chiqilib, qarzdordan “SANRUH-SERVIS” mas’uliyati cheklangan jamiyati foydasiga 650 million so‘m asosiy qarz hamda qarzdorlik o‘z vaqtida to‘lab berilmagani sababli 65 million so‘m penya undirish belgilangan.  

Sudning qarzdorlikni undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati Majburiy ijro byurosi Termiz shahar bo‘limiga kelib tushgach, amaldagi qonun doirasida ijro harakatlari olib borildi. MIB Surxondaryo viloyati boshqarmasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, qarzdorga cheklov chorasi qo‘llanilib, hisob raqamlariga band solindi. Inkassa topshiriqnomalari yuborilib, jamiyat hisobidan mavjud qarzdorlik va penya to‘liq undirib olindi. Shundan so‘ng "PFK SURXON" mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qo‘yilgan barcha cheklov bekor qilindi.  

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA