Majburiy ijro byurosi (MIB), Bosh prokuratura, IIV bilan hamkorlikda qarzdorliklarni undirish bo‘yicha yo‘llarda reydlar o‘tkazmoqda.
MIBning poytaxt boshqarmasi, Toshkent shahar prokuraturasi va Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan poytaxt ko‘chalarida o‘tkazilgan reydlar davomida byuro organlari ish yurituvidagi turli toifadagi qarzdorliklar bo‘yicha undiruv ishlari, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning banklardan olingan kredit qarzdorligini undirish bo‘yicha qonunchilik doirasida ta’sir choralari ko‘rilmoqda.
Qarzdor haydovchilardan to‘lovlarni undirish va ijro hujjatlarining ijrosini ta’minlash maqsadida qidiruvda bo‘lgan transport vositalari aniqlanib, vaqtincha jarima maydonlariga joylashtirilmoqda.
Byuroning Toshkent shahar boshqarmasi ish yurituvidagi ijro hujjatlari asosida 184,2 million so‘mlik qarz bo‘yicha 77 avtotransport vositasi aniqlangan. Shundan 26 nafar qarzdor 66 million so‘m qarzini to‘ladi.
51 nafar qarzdor bank va boshqa to‘lovlarni joyida qoplamagani sababli ularning avtotransport vositalari xatlanib, jarima maydoniga joylashtirilgan.
Bunday tezkor reydlar aholining huquqiy ongini oshirish, ijtimoiy mas’uliyatni kuchaytirish va qarzdorliklarni o‘z vaqtida bartaraf etishga xizmat qilmoqda.
MIB Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan sud va boshqa organlar ijro hujjatlari ijrosini o‘z vaqtida va to‘liq ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan tadbirda maxsus uskuna yordamida qarzdorligi mavjud bo‘lgan avtomashinalar tezkor tarzda aniqlanib, belgilangan tartibda choralar ko‘rildi.
Joriy yilning noyabr oyidan boshlab o‘tkazilayotgan tadbirlar davomida 27,7 milliard so‘mlik 137 avtotransport vositasi topilib, jarima maydonlariga joylashtirildi.
Topilgan avtotransport vositalarining 56 tasi, ya’ni jami 26 milliard so‘m qiymatdagi avtomashinalar banklar foydasiga undiruvlar bilan bog‘liq ijro ishlariga taalluqlidir.
Qarzdorliklar belgilangan muddatlarda bartaraf etilmasligi avtotransport vositalarining elektron onlayn-auksion savdolari orqali sotilishiga sabab bo‘lishi mumkinligi yuzasidan qarzdorlarga tushunchalar berilmoqda.
MIBning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi qidiruv sho‘’basi xodimlari va Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan tadbirlarda 8 milliard so‘mlikka yaqin qarorlar bo‘yicha 126 avtotransport vositalari maxsus jarima maydonchalariga joylashtirilgan.
1,3 milliard so‘mlik qarzdorlik undirilgan. Qarzdorlikni qoplamagan shaxslarning avtomashinalari auksion savdolariga chiqariladi.
Hozirda bu kabi tadbirlar davom ettirilmoqda.
N.Abduraimova,
O‘zA