English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
MIB: qarzdorlarning 2 trillion so‘mlikdan ziyod 15 ming 206 avtotransport vositasi auksionga chiqarildi
12:55 / 2026-02-27

Qarzdorlikni undirish bilan bog‘liq ishlarda ko‘pincha undiruv qarzdorning mol-mulkiga qaratiladi. Bunday ijro hujjatlarini ta’minlash jarayonida Majburiy ijro byurosi (MIB) organlari xodimlari ixtiyoriy to‘lanmagan qarzdorlikni qarzdorning avtotransport vositalariga qaratmoqda.

MIB axborot xizmatidan xabar berishlaricha, 2025-yil davomida 2 trillion 137 milliard so‘mlik 15 ming 206  avtotransport vositasi auksionga chiqarilgan. Shundan 797 milliard so‘mlik 5 ming 746 tasi elektron onlayn-auksion savdolarida sotilgan.

Misol uchun, byuroning Yashnobod tumani bo‘limi ish yurituvida qarzdor «J.C.R» korxonasidan undiruvchi Toshkent shahar soliq  boshqarmasi foydasiga 1,5 milliard so‘m soliq qarzdorligini undirish belgilangan.

Mazkur ijro hujjati bo‘yicha qarzdor tashkilot rahbariga qarzdorlikni ixtiyoriy tartibda qoplash yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berilgan. Biroq korxona berilgan imkoniyatdan foydalanmagan. Majburiy ijro choralari ko‘rilib, qarzdor korxonaga tegishli barcha bank hisob raqamlari, ko‘chmas mulk ob’ektlari hamda avtotransport vositalariga band solinib,  qidiruv e’lon qilingan.  

Olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida qarzdorga tegishli ko‘chmas mulk hamda “Spark” rusumli avtotransport vositasi xatlandi. Ayni paytda ushbu mol-mulklarni belgilangan tartibda realizatsiya qilish va auksion savdolariga  chiqarish  choralari ko‘rilmoqda. Sotuvdan tushgan mablag‘lar to‘liq ravishda mavjud soliq qarzdorligini qoplashga yo‘naltiriladi.

Byuroning Toshkent shahar boshqarmasi alohida muhim ijro ishlarini ijro etish  sho‘’basi ish yurituviga kelib tushgan Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining ijro hujjatiga asosan qarzdor “B.f.c.g.” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan undiruvchi bank foydasiga 2 milliard so‘mga yaqin qarzdorlikni undirish belgilangan hamda undiruv garovga qo‘yilgan 25 avtotransport vositasiga qaratilgan.  

Qonun talablariga muvofiq, qarzdorga qarzni ixtiyoriy ravishda qoplash uchun muddat berilgan. Biroq belgilangan muddatda qarzdorlik bartaraf etilmagani sababli majburiy ijro harakatlari amalga oshirilgan.  

Garov mulk sifatida qayd etilgan “Malibu-2”,  “Tracker”, “Nexia-3”  hamda  3 ta “Cobalt”, 12 ta “ Lacett”i, 5 ta “Spark”,  2 ta  “Lada largus” avtotransport vositalari qidiruvga berilgan. Qidiruv tadbirlari davomida “Malibu-2”, “Tracker”, “Cobalt” va “Lacetti” rusumli avtomashinalar aniqlangan. Barchasi belgilangan tartibda xatlanib, jarima maydoniga joylashtirilgan.  

Avtotransport vositalari auksion savdosiga chiqarilganidan so‘ng qarzdor tomonidan qariyb 1,9 milliard so‘m miqdoridagi qarz to‘landi. Mablag‘ esa undiruvchi foydasiga o‘tkazildi.

Boshqa bir holatda Majburiy ijro byurosi qarzdor P.S.dan “Ipak yo‘li” banki foydasiga 359,4 million so‘m kredit qarzdorligini undirishda undiruvni qarzdorga tegishli avtotransport vositasiga qaratdi. 

Olib borilgan ijro harakatlari davomida kredit ta’minoti sifatida garovga qo‘yilgan “Exeed lx” rusumli avtomashina ro‘yxatga olinib, xatlangan.

Belgilangan ixtiyoriy muddatlarda kredit qarzi to‘lanmaganligi sababli, qiymati 328 million so‘mni tashkil etuvchi avtomashina “e-ijro auksion” yagona elektron savdo maydonchasida sotish uchun chiqarildi.

Yana bir holatda “Trastbank xab” aksiyadorlik jamiyati foydasiga qarzdor Q.Sh.dan 230,8 million so‘m undirish haqida sud hujjati bo‘yicha undiruv qarzdorga tegishli garovdagi “Jetour soueast ” rusumli avtotransport vositasiga qaratildi.  

Qarzdor tomonidan majburiyat bajarilmagani uchun ijro harakatlari olib borilib, avtomashinasi xatlandi. Hozirda ushbu avtomashina  ham elektron onlayn-auksionga sotuvga qo‘yilgan. Savdodan tushgan mablag‘lar qarzni qoplashga yo‘naltiriladi.

Ko‘rib turibdiki, turli sabablar bilan yuzaga kelgan qarzdorlik qonuniy yo‘l bilan baribir undiriladi. Boshqacha aytganda, har bir shaxs zimmasidagi majburiyatni bajarishga majbur.  

Norgul Abduraimova, O‘zA