Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Namangan shahar bo‘limi tomonidan muammoli bank kredit qarzdorliklarini undirish yuzasidan kunlik tadbirlarni o‘tkazib kelmoqda.
Davlat ijrochilari tomonidan ixtiyoriy muddatda qarzdorlikni bartaraf etmagan jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli mol-mulklar, avtotransport vositalari, bino-inshootlar xatlanmoqda.
– Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchqo‘rg‘on tumanlararo sudining ijro varaqasiga asosan qarzdor “Kapitaller” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan undiruvchi “Aloqa bank” Namangan filiali foydasiga 1 milliard 461 million 978 ming so‘m kredit qarzini undirish va undiruvni fuqarolar S.T. va M.S.ga tegishli garovdagi “Lasetti” va “Malibu” rusumli transport vositalariga qaratish ko‘rsatib o‘tilgan, - deydi MIB Namangan shahar bo‘limi boshlig‘i Otabek Otajonov. – Ushbu ijro ishi Byuro ish yurituviga kelib tushgan va davlat ijrochisi tomonidan ijro ishi qo‘zg‘atilgan.
Qaror qarzdor jamiyat rahbariga ijro etish uchun yuborilgan. Biroq, qarzdorga berilgan ixtiyoriy muddatlarda ijro hujjati talabi bajarilmaganligi sababli, undiruv garovdagi mol-mulklarga qaratildi. Olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida ikki transport vositasi xatlanib, jarima maydoniga tortildi. Hozirda realizatsiya qilish choralari ko‘rilmoqda.
Umuman olganda, MIB Namangan shahar bo‘limi ish yurituvida bank bilan bog‘liq hujjatlar ijrosini ta’minlash davomida joriy yil o‘tgan davrida jami 32 milliard 399 million 906 ming so‘mlik 30 ta ko‘chmas mulk va avtomashina savdoga chiqarilgan.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA