Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi organlari faoliyatida sudning hal qiluv qarori ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratib kelinadi. Yaqinda Namangan viloyatining Chust tumanida xuddi shunday ish tamomlandi.
Byuroning Chust tumani bo‘limi tomonidan navbatdagi majburiy ijro harakatlari amalga oshirildi. ya’ni fuqarolik ishlari bo‘yicha sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qaroriga ko‘ra, javobgar shaxs Z. X. tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan va 0,24 gektar yer maydonida noqonuniy ravishda qurilgan turarjoy binosi majburiy tartibda buzdirildi.

Mazkur yer maydoni belgilangan tartibda bo‘shatilib, yaroqli holatga keltirildi. Ushbu ijro hujjati da’vogar – Kadastr agentligining Namangan viloyati boshqarmasi foydasiga to‘liq ijro etildi.
– Qonun ustuvorligi — adolat mezoni. Byuro organlari tomonidan sud qarorlarining o‘z vaqtida va to‘liq ijro etilishi ta’minlanmoqda, – deydi Majburiy ijro byurosi Chust tumani bo‘limi boshlig‘i Akmal Ikromov. – Shu o‘rinda fuqarolardan yer maydonlaridan foydalanishda amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilishlarini so‘raymiz.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA