Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi organlari tomonidan qarorlar ijrosini ta’minlash orqali fuqarolar hamda jamiyatlarning haq-huquqlari ta’minlanmoqda.
MIB axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, 2025-yilda 9,6 millionta hujjat ijrosi ta’minlanib, 57,8 trillion so‘mlik undiruvlar amalga oshirildi (2024-yilga nisbatan 10 trillion so‘mga oshgan).
Fuqarolarning mol-mulkiga daxl qilmasdan va majburiy ijro harakatlari o‘tkazilmasdan axborot texnologiyalari yordamida masofaviy tarzda ishlaydigan tumanlararo bo‘limlari tomonidan 2,6 millionta hujjat ijro qilindi.
Hozirda dolzarb ahamiyat kasb etib borayotgan energiya resurslari sohasida 51 ming 900 ijro ishi amalda tamomlanib, 638 milliard so‘mlik qarzdorlik undirildi.
Shuningdek, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan ijro hujjatlari bo‘yicha ham tizimli ishlar amalga oshirildi. Masalan, davlatimiz rahbarining tegishli farmoni bilan ehtiyojmand fuqaroni qo‘llab-quvvatlash uchun joriy etilgan maxsus daftarlar hisobiga 1,5 trillion so‘m yoki 2024-yilga nisbatan 391 milliard so‘m ko‘p mablag‘ yo‘naltirildi.
Ta’kidlash joizki, aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatlarining ijrosini ta’minlash bugungi kunning dolzarb yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Jumladan, moddiy yordamga muhtoj farzandlar foydasiga 3,1 trillion so‘mlik aliment mablag‘lari undirildi. “Aliment to‘lovlari” jamg‘armasi hisobidan 588 nafar undiruvchilarga 26,8 milliard so‘m pul mablag‘lari to‘lab berildi.
Aliment to‘lash istagi bo‘la turib, lekin ish bandligi bo‘lmagan 26 ming 753 nafar fuqaro ishga joylashtirildi. Olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida 13 ming 834 oila yarashtirildi.
Muqaddam qonunga xilof ravishda ishdan bo‘shatilgan 869 nafar shaxs ishga tiklanib, ularga to‘lanmay qolgan 36,9 milliard so‘mlik ish haqi undirildi.
Raqamlashtirish jarayoni ijro tizimiga izchillik bilan tatbiq etilib, hujjat aylanmasi va ko‘pgina ijro harakatlari raqamlashtirildi. “Majburiyatlar reyestri”, “Kafolat mablag‘ini kiritish” hamda “Kafolatlangan daromad” kabi bir qator institutlar joriy etildi.
Natijada ijro ishi doirasidagi 116 millionta qarordan 80 milliontasi yoki 69 foizi inson aralashuvisiz avtomatik tarzda qabul qilindi.
Ijro jarayonida qarzdorlar mol-mulklarni begonalashtirish orqali to‘lovlardan bo‘yin tovlash holatlarining oldini olish maqsadida, mulklarni aniqlash, ularga taqiq qo‘yish, transportlarga qidiruv e’lon qilish jarayoni avtomatlashtirildi.
Elektron to‘lov tizimlari orqali 19 trillion so‘m undirilib, qo‘llanilgan 166 mingta cheklov inson omilisiz bekor qilindi va 3,9 million hujjat avtomatik tarzda tamomlandi.
N.Abduraimova, O‘zA