Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
MIB noqonuniy ishlarga chek qoʻymoqda
17:23 / 2020-06-19

Bu kabi salbiy holatlarning oldini olish boʻyicha targʻibot-tushuntirish ishlari olib borilmoqda.


Majburiy ijro byurosi Andijon viloyat boshqarmasi hududiy boʻlimlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi yuzasidan oʻtkazgan monitoring kuzatuvlarida qator noqonuniy holatlar qayd etildi.

Andijon shahrining Chinobod koʻchasida joylashgan “B.F.” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga tegishli umumiy ovqatlanish shoxobchasida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelinayotganlik holati aniqlandi. Tekshiruvlar davomida jamiyat rahbari taʼminotchi korxonaga tegishli tartibda murojaat etmasdan elektr hisoblagichni oʻzboshimchalik bilan almashtirgani maʼlum boʻldi. Soha mutaxassislarining xulosasiga koʻra, jamiyat tomonidan taʼminotchi korxonaga jami 12 million 36 ming soʻmdan ziyod miqdorida moddiy zarar yetkazilgan.

Majburiy ijro byurosi Boʻston tumani boʻlimi xodimlarining oʻrganishlari natijasida tumanning Guliston mahallasi hududida faoliyat koʻrsatib kelayotgan “M.O.” oilaviy korxonasiga qarashli “Otalar choyxonasi”da ham taʼminotchi korxona bilan shartnoma tuzmasdan tabiiy gaz tarmogʻiga oʻzboshimchalik bilan ulanib olingan. Ushbu holat boʻycha dalolatnoma rasmiylashtirilib, choyxona mutasaddilariga tegishli choralar koʻrildi.

Marhamat tumandagi “Yangi hayot” mahallasi hududida faoliyat olib borayotgan masʼuliyati cheklangan jamiyatiga qarashli gʻisht ishlab chiqarish zavodida ham elektr energiyasi tarmogʻiga taʼminotchi korxona bilan shartnoma tuzmasdan, oʻzboshimchalik bilan ulanib olingani va tokdan noqonuniy foydalanib kelinayotgani aniqlandi.

Xoʻjaobod tumanida olib borilgan tadbirlar davomida tumanning Chiroqchi mahallasida ish olib borayotgan tadbirkorga qarashli beton gʻisht ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan obyektda oʻrnatilgan elektr hisoblagich ushbu tadbirkor nomidagi “PK-Elektrhisob” dasturidagi elektr hisoblagich bilan mos emasligi maʼlum boʻldi. Bundan tashqari, tadbirkor tegishli texnik loyiha hujjatlari muddati oʻtib ketgan boʻlsada, elektrdan oʻzboshimchalik bilan foydalanib kelayotganligi maʼlum boʻldi.

Shuningdek, Byuroning Izboskan tuman boʻlimi xodimlari tumandagi Choʻrtonlik mahallasi hududida faoliyat koʻrsatayotgan baliqchilik yoʻnalishidagi fermer xoʻjaligiga tegishli oshxonadagi elektr hisoblagich oʻzboshimchalik bilan almashtirib olinib, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilayotgani, Beshterak mahallasidagi fermer xoʻjaligining sutni qayta ishlash sexida esa gaz hisoblash uskunasi oʻzboshimchalik bilan almashtirib olinganligi aniqlandi.

Paxtaobod tumani “Suvoqova” UKga qarashli suv minorasi hamda Jalaquduq tumani, Hamzaobod mahallasidagi fermer xoʻjaligi ham elektr energiyasidan hisoblagichsiz foydalanib kelayotganligi maʼlum boʻldi.

Byuroning tuman, shahar boʻlimlari xodimlari tomonidan aniqlangan yuqoridagi kabi holatlar boʻyicha tegishli dalolatnomalar rasmiylashtirilib, qoidabuzarlarga nisbatan tegishli choralar koʻrildi.

Bu kabi salbiy holatlarning oldini olish boʻyicha targʻibot-tushuntirish ishlari olib borilmoqda.