Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
MIB: Namanganda 218 mingdan ziyod hujjatlar ijrosi ta’minlandi
08:00 / 2022-02-14

Namanganda Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tgan 2021 yil yakuniga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Byuroning Namangan viloyati boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 noyabrdagi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonini bajarish borasida o‘tgan yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berildi.

Qarzdorlik miqdori va toifasidan kelib chiqib, ijro hujjatlarini Respublika – viloyat – tuman darajasida hal etish bo‘yicha alohida tizim yaratildi.

Farmonga binoan, voyaga yetmagan farzandlarning moddiy ta’minoti uchun aliment pullarini hisoblash va to‘lash tartib-taomillari ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish maqsadida Aliment majburiyatlarini ijro etish va nazorat qilishning yagona axborot tizimi yaratildi.

Birgina, 2021 yil davomida tumanlararo bo‘limi tomonidan 3,6 milliard so‘mlik 16 ming 868 ta hujjat ijrosi ta’minlandi.

Ijro hujjatini majburiy ijro etish davomida qarzdorning xatlangan mol-mulki boshlang‘ich narxdan 30 foizlik chegirma bilan narxni oshirib borish uslubida o‘tkaziladigan dastlabki elektron onlayn-auksionga qo‘yish tartibi joriy qilindi. Kiritilgan o‘zgartirishlar va farmon ijrosi doirasida Byuroning viloyat boshqarmasi, shahar va tumanlar bo‘limlari tomonidan bir qator ishlar amalga oshirildi.

Xususan, o‘tgan 2021 yilda Byuro organlari ish yurituvida 3,1 trillion so‘mlik 296 ming 45 ta ijro hujjati mavjud bo‘lib, shundan 2,7 trillion so‘mlik 218 ming 904 ta yoki o‘tgan yilga nisbatan 40 ming taga ko‘p hujjat ijrosi tamomlandi.

Ushbu davrda jami 814,7 milliard so‘m, shu jumladan davlat foydasiga 390,6 trillion so‘m amalda undirilib, o‘tgan yilga nisbatan umumiy undiruv 260,6 milliard so‘mga, davlatga undiruv 135,7 milliard so‘m oshdi. Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar foydasiga 372,9 milliard so‘m, banklarga 164,1 milliard so‘m va fuqarolarga 51,1 milliard so‘m undirildi.

– 2020 yil 1 dekabrdan joriy etilgan tartibga ko‘ra, soliqdan tashqari davlatga undirilgan mablag‘lar hisobidan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ehtiyojmand kishilarni qo‘llab-quvvatlash uchun yo‘naltirilishi belgilandi, – deydi MIB Namangan viloyat boshqarmasi tashkiliy nazorat va tahlil sho‘’basi katta inspektori Azimjon Boydadayev. – Mazkur tartib natijasida, MIB viloyat boshqarmasi hamda uning shahar va tuman bo‘limlari tomonidan 2021 yil davomida soliq undiruvlaridan tashqari davlat foydasiga jami 56,5 milliard so‘m undirilib, 2020 yilga nisbatan 25,7 milliard so‘mga ortdi.

Yangi tizimga muvofiq, jinoiy zarar, davlat boji, jinoiy va ma’muriy jarimalar, davlat foydasiga boshqa turdagi undiruvlardan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” jamg‘armalariga 28,2 milliard so‘m o‘tkazib berildi.

Qayd etilganidek, aliment majburiyatlarini ijro etish va nazorat qilishning yagona axborot tizimiga 25 ming nafar aliment oluvchi va to‘lovchi haqidagi ma’lumotlar kiritilib, amalga oshirilgan ijro harakatlarini “MIB.UZ” android mobil ilovasi orqali “onlayn” rejimda tanishib borish imkoni yaratildi.

Aliment to‘lovlarning to‘liq va o‘z vaqtida amalga oshirilishini nazorat qilish maqsadida “Aloqa bank”da har bir aliment oluvchiga bank hisobvarag‘i ochilib, ularning nomiga bepul rasmiylashtirilgan 21 mingta plastik kartochkadan 19 ming tasi tarqatildi.

Amalga oshirilgan tadbirlar natijasida, 2,8 milliard so‘mlik 95 ta oldindan to‘lov amalga oshirilib, shundan 1,3 milliard so‘mlik 6 ta uy-joy oldindan to‘lov sifatida berildi.

Byuro organlarining sa’y-harakatlari bilan ishsiz aliment to‘lovchilarning 1 ming 761 nafari ishga joylashtirildi, 1 ming 553 ta oila yarashtirishga erishildi.

MIB viloyat boshqarmasi tomonidan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlagan 429 kishiga nisbatan ma’muriy, 21 nafar fuqaroga nisbatan jinoiy javobgarlik masalasi hal etildi.

Shuningdek, matbuot anjumani davomida korrupsiyaning oldini olish, xodimlar o‘rtasida bu illatga qarshi kurashish borasida ko‘rilayotgan choralar, amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar xususida ham to‘xtalib o‘tildi.

Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA