Surxondaryo viloyat boshqarmasi va hududiy bo‘limlari mulkdorlarning buzilgan imoratlari uchun belgilangan kompensatsiya mablag‘larini undirib bermoqda.
Sho‘rchi tumanilik yakka tartibdagi tadbirkor Odiljon Ergashevga tegishli tuman markazidagi savdo binosi tuman hokimiyatining kelishuv bitimiga asosan davlat va jamoat ehtiyojlari uchun buzilgan. Hokimlik noturar-joy inshoot qiymatini bozor bahosida to‘lab berish majburiyatini o‘z zimmasiga olgan. Kelishuv majburiyati tuman hokimiyati tomonidan o‘z vaqtida bajarilmagani sababli bino uchun kompensatsiya to‘lovi amalga oshirilmagan.
Masala fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman sudida ko‘rib chiqilib, tuman hokimligi hisobidan tadbirkor foydasiga noturar bino va inshootlarning bozor qiymatidagi 3 milliard 527 million so‘m kompensatsiya undirilishi belgilandi.
Sudning ijro hujjati Majburiy ijro byurosi Sho‘rchi tuman bo‘limi ish yurituviga qabul qilindi. Ijro harakatlari olib borilib, tuman hokimiyatining hisob raqamlariga band solindi. Inkassa talabnomalari yuborilib, buzilgan mulk uchun tadbirkor Odiljon Ergashevga tegishli mablag‘ undirib berildi.
– Kelishuv bitimida belgilangan muddatning o‘tib ketishi biznesimizni yuritishga ta’sirini o‘tkazdi, - deydi yakka tartibdagi tadbirkor O.Ergashev. – Muammomiz sudda ko‘rib chiqilib, masala bizning foydamizga hal bo‘ldi. Davlat ijrochilari sudning ijro hujjatini tezkor bajarib, kompensatsiya mablag‘ini undirib berganidan xursand bo‘ldik.
MIB viloyat boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning birgina may oyida davlat ijrochilari tumanlar va shaharda ish yurituvlarida bo‘lgan ijro hujjatlari asosida 51 nafar jismoniy va yuridik shaxs foydasiga buzilgan 6 ta yashash uyi va 45 ta noturar ko‘chmas mulk uchun 16 milliard 294 million so‘m kompensatsiya to‘lovlarini undirib berdi.
Viloyatda buzilgan turar va noturar bino-inshootlar uchun mahalliy hokimliklardan kompensatsiya mablag‘larini undirib berish davom etmoqda.
Nilufar Bozorova, O‘zA muxbiri