Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
MIB: moddiy yordamga muhtoj farzandlar foydasiga 2 trillion so‘m aliment pullari undirildi
17:36 / 2024-02-05

Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 49 foizga oshgan.

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi tomonidan o‘tgan yilda qanday ishlar amalga oshirildi? Bu savolga Byuro axborot xizmati rahbari Farruh Toshpo‘latov javob berdi:  

– Byuro organlari tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 2023 yilda jami 40,2 trillion so‘m, shu jumladan, davlat foydasiga 17 trillion so‘m undirildi. Umumiy undiruv ko‘rsatkichi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 35 foizga o‘sdi.

Byuroning axborot texnologiyalari yordamida masofaviy ishlaydigan 15 ta tumanlararo bo‘limi tomonidan majburiy ijro harakatlari o‘tkazilmasdan va fuqarolarning mol-mulklariga daxl qilmagan holda, 766,4 milliard so‘mlik 2 millionta hujjatning ijrosi ta’minlandi.

Ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” bilan bog‘liq jamg‘armalariga 936,4 milliard so‘m yoki o‘tgan yilga nisbatan 62 foiz ko‘p mablag‘ yo‘naltirildi.

Moddiy yordamga muhtoj farzandlar foydasiga 2 trillion so‘m aliment pullari undirilib, bu ko‘rsatgich ham o‘tgan yilga nisbatan 49 foizga oshgan.

“Aliment to‘lovlari” jamg‘armasi hisobidan voyaga yetmagan farzandini moddiy ta’minlash maqsadida 1 ming 21 nafar undiruvga 16 milliard so‘m to‘lab berildi.

Ishsiz aliment to‘lovchilarning 32 ming 184 nafari ishga joylashtirildi, 45 ming 480 dan ortiq oilalarning yarashishiga erishildi.

Qonunga xilof ravishda ishdan bo‘shatilgan 1 ming 31 nafar shaxs ishga tiklanib, ularga to‘lanmay qolgan 72,6 milliard so‘mlik ish haqi undirib berildi.

Faoliyatga ilg‘or tajribalarni keng joriy etish, ijro etish sohasining zamon talablari va jahon tendensiyalariga to‘liq javob beradigan usullaridan foydalanishga e’tibor qaratilmoqda.

Bu borada davlatimiz rahbarining joriy yil 3 yanvardagi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini isloh etish va sohani raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijro etish sohasidagi raqamlashtirish ishlarining muhim bosqichi bo‘ldi.

Farmonga muvofiq, joriy yil 1 maydan boshlab sud hujjatlari asosida ijro hujjatlarini elektron shaklda berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. 1 apreldan boshlab esa mol-mulkni shartnoma-vositachilik asoslarida sotish masofaviy monitoring qilish elektron tizimini joriy qilgan savdo tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.  

Shuningdek, “Kafolatlangan daromad” va “Majburiyatlar reyestri” institutlarining joriy etilishi sohada shaffoflikning ortishi, aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratishga imkon beradi.  

Ijro jarayonlari ishtirokchilari va davlat ijrochilari o‘rtasida onlayn muloqotning yo‘lga qo‘yilishi, mol-mulklarning harakati, pul mablag‘lari hisobini yuritish hamda taqsimlash ishlarining ham raqamlashtirilishi, ish samaradorligi oshirilishi va korrupsiyaviy holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.

Davlat ijrochilarining mobil videokameralar (bodi kameralar) bilan ta’minlanishi faoliyatga noqonuniy aralashuv holatlarining oldini olish, kasb etikasiga rioya etish va ish unumdorligi oshishiga zamin yaratadi.

 

N.Abduraimova, O‘zA