Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
MIB: majburiyatini bajargan otaning cheklovlari olib tashlandi
18:11 / 2023-06-17

Amaldagi qonunchilik talablariga asosan voyaga yetmagan farzandlar moddiy ta’minoti uchun ota yoki ona xohishiga ko‘ra, aliment to‘lovlarni oldindan to‘lashlari mumkin.

Bu Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan “Alimentlarni oldindan to‘lash, shuningdek, aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash bo‘yicha garov shartnomasini tuzish tartibi to‘g‘risida” gi nizomda voyaga yetmagan bolalar ta’minoti uchun alimentlarni oldindan to‘lash, shuningdek, voyaga yetmagan bolalar va boshqa mehnatga layoqatsiz shaxslar ta’minoti uchun aliment to‘lash majburiyatini ta’minlashda garov shartnomasini tuzish tartibi belgilangan.  

Shundan kelib chiqqan holda, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Namangan viloyati boshqarmasining Yangiqo‘rg‘on tumani bo‘limi ish yurituvidagi ushbu toifadagi hujjat ijrosi yuzasidan olib borilgan targ‘ibot ishlari natijasida ota uch nafar farzandi uchun besh yillik qarzdorlikni oldindan to‘ladi.

Ma’lum bo‘lishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Yangiqo‘rg‘on tumanlararo sudining qaroriga muvofiq qarzdor M. Z. dan undiruvchi F. Z. foydasiga bolalar ta’minoti uchun ish haqi va boshqa daromadlarning 1/2 qismi miqdorida aliment undirish belgilangan.  

Qarzdor farzandlari ta’minoti uchun oldindan besh yilligini to‘lash yuzasidan murojaat qilgan. Mazkur murojaat ko‘rib chiqilib, hisob-kitob qilinganda 193 million 586 ming so‘mni tashkil etdi. Otadan hisoblangan mablag‘ undirilib, onaga ochilgan bank plastik kartasiga o‘tkazib berilishi ta’minlandi. O‘z o‘rnida, sud ijro etish usuli o‘zgartirilib, qarzdorga qo‘yilgan barcha cheklovlar olib tashlandi.

MIB Namangan viloyati boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari ish yurituvida 24 ming 622 aliment va moddiy ta’minot undirish bilan bog‘liq ijro hujjatlar mavjud. Joriy yilning o‘tgan besh oyida olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida 33 milliard so‘mdan ortiq qarzdorlik undirib berildi. 12 holatda belgilangan tartib asosida pul va uy-joy shaklida qiymati 1 milliard 127 million so‘mlik qarzdorlik oldindan farzandlar voyaga yetgunga qadar undirib berildi.

Bevosita mahalla faollari, keng jamoatchilik hamkorligida salkam 2 mingta oilani yarashtirishga erishildi. Doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmagan, ishsiz 1 ming 200 nafar aliment to‘lovchining bandligini ta’minlashga ko‘maklashildi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA