Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
MIB: joriy yil to‘qqiz oyida ijro harakatlari natijasida 35,2 trillion so‘m undirildi 
16:17 / 2024-10-15

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi (MIB) jamiyatda adolat qaror topishi, qarorlar ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash bo‘yicha izchil ishlarni amalga oshirmoqda.

MIB axborot xizmati rahbari Farrux Toshpo‘latov byuro organlari tomonidan joriy yilning 9 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar haqida quyidagilarni ma’lum qildi: 

– Joriy yil 9 oyida byuro organlari tomonidan 35,2 trillion so‘m mablag‘ undirildi. Amalda umumiy undiruv ko‘rsatkichi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 23 foizga oshdi. 

Davlat foydasiga 14,9 trillion so‘m, tadbirkorlik va boshqa sub’ektlar foydasiga 18,8 trillion so‘m hamda fuqarolarimiz manfaatlari uchun 1,4 trillion so‘mdan ziyod undiruvlar amalga oshirildi. 

Byuroning axborot texnologiyalari yordamida masofaviy ishlaydigan 15 ta tumanlararo bo‘limlari tomonidan majburiy ijro harakatlari o‘tkazilmasdan va fuqarolarning mol-mulklariga daxl qilmagan holda, 588,6 milliard so‘mlik 1,6 million hujjatning ijrosi ta’minlandi. 

Ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” bilan bog‘liq jamg‘armalarga 798 milliard so‘m yoki o‘tgan mos davrga nisbatan 121 milliard so‘m ko‘p mablag‘ yo‘naltirildi. 

Moddiy yordamga muhtoj farzandlar foydasiga jami 1,4 trillion so‘m aliment pullari undirildi. “Aliment to‘lovlari” jamg‘armasi hisobidan 1 ming 492 nafar undiruvchi foydasiga voyaga yetmagan farzandlarining moddiy ta’minoti uchun 31,3 milliard so‘m mablag‘ to‘lab berildi. 

Ishsiz aliment to‘lovchilarning 19 ming 638 nafari ishga joylashtirildi, 10 mingdan ortiq oilaning yarashtirilishiga erishildi. 

Qonunga xilof ravishda ishdan bo‘shatilgan 570 nafar shaxs ishga tiklanib, ularga to‘lanmasdan qolgan 30,6 milliard so‘mlik ish haqi undirib berildi. 

Ijro harakatlarini raqamlashtirish borasida joriy etilgan tizimlar imkoniyatlaridan samarali foydalanilmoqda. Jumladan, ijro ishi qo‘zg‘atilgani va qo‘llanilgan cheklovlar to‘g‘risida qarzdorlarni ogohlantirish tizimi orqali 64 million “SMS-xabarnoma” yuborildi. 

Qarzdorlik haqida o‘z vaqtida xabar berilishi natijasida 1,5 million ijro ishi ixtiyoriy muddatda tamomlandi. 

N.Abduraimova, O‘zA