“Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, ixtiyoriy ravishda ijro etish uchun davlat ijrochisi tomonidan belgilangan muddatning o‘tganligi majburiy ijro etish choralarini qo‘llash uchun asos bo‘ladi.
Bunda, undiruv qarzdorning pul mablag‘lariga va boshqa mol-mulkiga qaratiladi.
Mazkur qonunga muvofiq, qarzdor “K.I.” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga nisbatan majburiy ijro harakatlari amalga oshirildi.
Chunki, mazkur jamiyat “Ipoteka bank” aksiyadorlik tijorat ipoteka bankidan 3,7 milliard so‘mdan ziyodroq kredit olib, uni vaqtida qaytarmagan.
Mazkur ijro hujjati Byuroning Toshkent shahar boshqarmasi ish yurituviga kelib tushgan. Shu kunning o‘zida ijro ishi yuritish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Qarzdor korxonaga qonun talabi asosida katta miqdordagi kredit summalarini bank foydasiga qoplashi uchun ixtiyoriy muddat berilgan bo‘lsa-da, biroq qarzdor ijro hujjati talabini bajarmagan. Shundan so‘ng, Byuroning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan majburiy ijro harakatlariga kirishilgan.
Garov mulki bo‘lgan qarzdorning bino va inshootlari xatlanishi bo‘yicha bir necha marta xatlovga chiqilgan bo‘lsa-da, biroq qarzdor tomonidan qarshilik ko‘rsatilgan.
Olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida garov mulki belgilangan tartibda xatlandi. Qarzdor mas’uliyati cheklangan jamiyatning garovdagi 14 milliard so‘mlik ko‘chmas mulklari xatlanganidan so‘ng ham bank oldidagi kredit qarzini so‘ndirmagan.
Byuroning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan qarzdorga garov mulki auksion savdolariga chiqarilishi yuzasidan qabul qilingan qaror yuborilganidan keyingina qarzdordan 3,7 milliard so‘m miqdoridagi qarz to‘liq undirildi.
N.Abduraimova, O‘zA