Sudning ijro varaqasiga asosan qarzdor "T.K.S.I." mas’uliyati cheklangan jamiyatidan fuqaro K.M. foydasiga 51 million 37 ming so‘m va fuqaro M.T. foydasiga 41 million 37 ming so‘m ish haqini majburiy tartibda undirish belgilangan.
Mazkur ijro ishi Majburiy ijro byurosining Yashnobod tumani bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan hamda qarzdor qurilish korxonasiga tegishli tartibda ogohlantirish berilgan.
Biroq, qarzdor ijro varaqasida ko‘rsatilgan majburiyatni bajarmadi. Sobiq xodimlarga ishlagan ish haqini qoplab bermadi.
Shundan so‘ng, davlat ijrochisi tomonidan majburiy ijro harakatlariga kirishilib, qarzdorga tegishli bo‘lgan mol-mulk va hisob raqamlariga band solindi.
Majburiy ijro harakatlari davomida salkam 100 million so‘m sobiq xodimlar foydasiga undirib berildi.
Byuroning Yashnobod tumani bo‘limi ish yurituvida sudning ijro varaqasiga asosan qarzdor “O`.N.G” aksiyadorlik jamiyatidan fuqaro M.A. foydasiga qariyb 280,5 million so‘m ish haqi va unga tenglashtirilgan boshqa to‘lovlar kechiktirilgani sababli pulli kompensatsiya hamda moddiy va ma’naviy zararni undirish belgilangan.
Bo‘lim tomonidan qarzdor tashkilot qonun talabi asosida sobiq xodim foydasiga sud hujjatida belgilangan qarz summalarini qoplab berishi haqida tegishli tartibda ogohlantirilgan.
Biroq, qarzdor ish haqini qoplab bermaganidan keyin majburiy ijro harakatlariga kirishilgan. Olib borilgan ijro harakatlari natijasida jamiyatdan qarz summalari to‘liq undirilib, fuqaro foydasiga o‘tkazib berildi.
N.Abduraimova,
O‘zA